AsosiyMadaniyat

Marko Polo izidan sayohat: Italiya nashri vakili O`zbekistonga tashrif buyurdi

'Marko Polo izidan sayohat: Italiya nashri vakili O`zbekistonga tashrif buyurdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi arafasida Italiyaning Exportiamo.it nashri jurnalisti, saylov jarayonini kuzatish uchun Italiyadan kelgan Narmin Rahimova mamlakatimizda mehmon bo`ldi.

Tashrif davomida jurnalist mamlakatning turizm salohiyati bilan yaqindan tanishib, o`z taassurotlari bilan o`rtoqlashdi.

"Asli ozarbayjonlik bo`lsamda, uzoq yillar Italiyada yashab hamda ijod qilaman, serquyosh O`zbekistonga tashrif buyurishni ko`pdan beri orzu qilardim. Ayniqsa, O`zbekistonning boy tarixi, me`moriy obidalarini ko`zdan kechirish, uning ruhan menga yaqin, do`stona mehmondo`st, an`analari o`xshash, madaniy-tarixiy urf-odatlari mushtarak xalqi bilan yaqindan tanishish huzur bag`ishlaydi.

 

Shuni ta`kidlashim joizki, ko`plab italiyaliklar va evropaliklar uchun O`zbekiston hanuz zabt etilmagan sirli mamlakat bo`lib qolmoqda, biroq so`nggi paytlarda amalga oshirilgan keng ko`lamli iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy islohotlar tufayli turizmni rivojlantirishga katta e`tibor qaratilayotganligi juda quvonarli. Chet ellik mehmonlarga o`z eshiklarini ochib, azaldan mashhur sayyohlik maskani sifatida nomini tanitmoqda. O`zbekiston, haqiqatdan ham, ulkan sayyohlik salohiyatiga ega, ming yillik tarixi, xorijlik sayyohlar e`tirofiga sazovor bo`lgan betakrorligi hamda aslligini saqlab qolgan holda, jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Turizm va sport vazirligi hamda O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan mazkur soha qo`llab-quvvatlanib, faol targ`ib qilinayotganligi sababli mamlakatingizga bo`lgan qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda.

Xorijiy ommaviy axborot vositalarining xalqaro missiyasi doirasida Prezident saylovlari munosabati bilan O`zbekistonga ikkinchi bor tashrif buyurish sharafiga muyassar bo`ldim. Xorijiy ommaviy axborot vositalarining ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgani, samimiy mehmondo`stlik va yuqori malakali xodimlar tomonidan individual hamrohlik yuqori darajada tashkil etilgani katta ijobiy taassurot qoldirdi. Toshkentdagi gavjum, ammo sermahsul kun, saylov jarayonini kuzatish uchun turli joylarga tashriflar, bir nechta intervyu va ishbilarmonlik uchrashuvlari shular jumlasidan. Shuningdek, qadimiy shaharlar – Samarqand va Buxoroga press-tur tashkil etildi

Sizning go`zal mamlakatingizga tashrifimdan so`ng Italiyaga eng yorqin taassurotlar bilan qaytmoqdaman. Samarqand va Buxoro o`zining ekzotik o`tmishi, go`zal me`moriy yodgorliklari hamda hayratlanarli mozaikalari bilan bizni lol qoldirdi. Tarixiy obidalar, madrasa va masjidlar bilan bir qatorda Samarqandning qadimiy qo`l mehnati texnologiyalari asosida qog`oz tayyorlashning qadimiy an`analarini qayta tiklayotgan mahalliy fabrikasi joylashgan Konigil qishlog`iga tashrif buyurib, qog`oz tayyorlashning barcha bosqichlari shaxsan guvohi bo`lganim hamda bir nechta qo`l mehnati namunalaridan xarid qilishdan xursand bo`ldim.

Boy madaniy merosi, savdo gumbazlari va karvonsaroylariga ega sharqona o`ziga xos ertaklar shahri bo`lgan Buxoro, shubhasiz, qalbimni zabt etdi. Ipak yo`lining ko`p asrlik tarixi bo`ylab sayohat qildim va bu shaharni barchaga tavsiya qilaman! Ta`kidlashni istardimki, mamlakatning diqqatga sazovor joylari va fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilinganim sari, italiyalik hamkasblarim va do`stlarimda katta qiziqish uyg`otdi, ularni mamlakatning turizm salohiyati hayratga soldi. Ular Marko Polo izidan mazmunli sayohatga yo`l olib, O`zbekistonga tashrif buyurishga katta qiziqish bildirishdi.

Umuman olganda, yurtingizga tashrif buyurganimdan, boy o`zbek taomlaridan, milliy liboslar rang-barangligidan, betakror hunarmandchilik buyumlaridan olgan taassurotlarimni so`z bilan ta`riflash qiyin. Turfa milliy liboslar va choponlarni kiyishdan zavqlanish imkonini bergan mahalliy hunarmandchilik do`konining samimiy xodimlaridan juda minnatdorman. Bu haqiqatan ham ajoyib edi! Esdalik sovg`alari, shoyi, qo`lda tikilgan dasturxonlar, kulolchilik buyumlari, miniatyuralar va gilamlar bilan savdo qiluvchi do`konlarga tashrifdan benihoya mamnun bo`ldim. Yana bir unutilmas va quvonchli voqea Buxoro shahridagi milliy qo`g`irchoqlar muzey-ustaxonasida namoyish etilgan mini spektakl bo`ldi. Men hali ham ulardan birini xarid qilmaganimdan afsusdaman! Nasib etsa keyingi safar!

O`zbekiston mening sevimli mamlakatlarimdan biriga aylandi va yuragimdan mustahkam joy oldi. Bu O`zbekistonning ko`p millatlilik xususyatini ifodalagan an`analar bo`lib, ular musiqasida, raqslarida, san`atida, tilida, taomlarida, kiyimida aks etgan. Odamlari mehmondo`st, xushmuomala. Yaxshi niyat va quvonch ruhi hukmron. Arxitekturasi betakror. Chiroyli eski shaharlar. Olam-olam yorqin taassurotlar. yangi do`stlik munosabatlari.

Umuman olganda, barcha tashkilotchilarga professional yondashuv, samimiylik va mehmondo`stlik uchun o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu erda ekanligimdan va Italiya jamoatchiligini O`zbekiston taraqqiyoti bilan tanishtirishga hissa qo`shayotganligimdan juda mamnunman. O`z tomonimdan, men ham ko`proq odamlarni – san`at, tarix va madaniyat arboblarining ushbu buyuk mamlakatning sayyohlik salohiyatidan xabardor bo`lishiga bor imkoniyatimni ayamayman”.

    Boshqa yangiliklar