AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Turkiya Ombudsmanlari o`rtasida memorandum imzolandi 

'O`zbekiston va Turkiya Ombudsmanlari o`rtasida memorandum imzolandi 'ning rasmi

Joriy yilning 22 noyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Turkiya Respublikasi poytaxti Ankara shahrida Turkiya Parlamentining bosh Ombudsmani Sheref Malko`ch va Ombudsmanlar Jileli O`zlem Tunchak, Arif Dyulger, Fatma Benli Yalchin, Sadettin Kalkan, Ibrahim Kilinch bilan uchrashdi. 

O`zaro muloqot davomida ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi, qat`iyati hamda ular o`rtasida o`rnatilgan o`zaro ishonch va do`stlik rishtalari O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilishiga imkon yaratib berayotgani ta`kidlandi. 

Shundan so`ng, O`zbekiston va Turkiya Ombudsmanlari o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, deya xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili Matbuot xizmati.  

Ta`kidlanishicha, mazkur memorandum inson huquqlarini ta`minlash borasidagi Ombudsmanlarning mustahkam hamkorligiga zamin yaratadi. Memorandum doirasida Turkiya Respublikasi hududidagi O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining va O`zbekiston Respublikasi hududidagi Turkiya Respublikasi fuqarolarning huquqlari va erkinliklarining buzilishi holatlari bo`yicha kelib tushgan murojaatlarni hal etishda ko`maklashish ko`zda tutilgan.

 Qolaversa, inson huquqlarini ta`minlash yuzasidan o`zaro tajriba almashish, xodimlar malakasini oshirish, har ikkala davlat uchun dolzarb bo`lgan mavzular va yo`nalishlarda turli forum, konferensiya va seminar-treninglar o`tkazish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsad qilingan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar