2021 yilning 25 martdan 26 martga o`tar kechasi. Hali odamlar qalbidan yasharish shodiyonalarining shukuhi arimagan, endi uyg`ona boshlagan zamin tafti yashashga, hayotdan bahra olishga undaydigan lahzalar. Tonglar ham o`zgacha nurafshon otadigan onlar. Biroq shu kuni Shahrisabz tumanining shakarteri qishlog`idagi xonadonlardan birida bu tong ayanchli otdi. Uylar, yo`laklar qonga botdi. Eshitgan qalbki titroqqa tushadigan dahshat yuz berdi.
O`sha kuni ertalab qishloqda tadbirkor Husniddin Mallaevning jinoiy guruh tomonidan shafqatsizlarcha o`ldirib ketilganligi to`g`risida xabar tarqaldi. Vahimali xabarlar orasida jinoyatga uning turmush o`rtog`i bosh-qosh bo`lganligi xususidagi gap-so`zlar ham bo`lib, avvaliga bunga ishonish mushkul edi.
-Aslida ukamning oilasidagi nizolar 2017 yilda boshlangan edi, deydi marhumning opasi Oynisa Mallaeva. – Dekabr oylari edi, chamamda. “Ulug`bek” ismli yigit menga qo`ng`iroq qilib, “Kelinizni yaxshi ko`raman, ukangizga ayting, javobini bersin. O`zim unga uylanaman”, dedi. Men ukamga buni aytganimda kelinimiz avvaliga tan olmadi. Keyin o`rtaga “Qur`on”ni qo`yib, boshqa bunaqa qilmayman deb qasam ichdi. Ukam ham 4 bolasini o`ylab, uni kechirdi. Afsuski, u qasamini buzgan ekan. Shunaqa jirkanch reja tuzib yurgan ekan.
Jigardan ayrilish og`ir musibat. Erta tongdan noxush xabar eshitgan Husniddin Mallaevning katta opasi o`sha kunni shunday xotirladi.
-Tong sahar soat 4 larda telefon qilib xabar berishdi, - deydi marhumning katta opasi Zubayda Sharopova. – Kelsam ukamni shifoxonaga olib ketishgan ekan. Hali voyaga etmagan o`g`lining og`zi burni qon, hammayoq qip-qizil qonga bo`yalgan. Ochig`i, o`sha paytda ukamni o`ldi, deb o`ylamagandim. Ammo... (ko`ziga yosh oldi).
Gumondorlar tez orada qo`lga olindi. Tergov jarayonida ma`lum bo`lishicha, Husniddin Mallaevning turmush o`rtog`i uning Ulug`bek Suvonqulov bilan ishqiy munosabatidan xabar topganligini bilib qolib, yuzaga kelgan oilaviy kelishmovchilik sababli uyida saqlanayotgan pul mablag`larini qo`lga kiritib, qochib ketish ketish rejasini tuzadi va Ulug`bek Suvonqulovga ishonchli odamlarni topib bosqinlikni amalga oshirish topshirig`i beradi. Topshiriqqa ko`ra tuzilgan jinoiy guruh pichoq va yog`och bo`laklari bilan qurollanib, 26 martga o`tar kechasi Husniddin Mallaevning uyiga kelishadi. Bu paytda uyg`onib qolgan uy egasini shafqatsizlik bilan o`ldirib, seyfdagi taxminan 850 million so`m pul mablag`ini olib hodisa joyidan yashirinishadi. Ayanchlisi qotillar o`sha paytda shovqin surondan uyg`onib ketib, otasini himoya qilmoqchi bo`lgan voyaga etmagan bolani ham ayab o`tirishmaydi. Bola ularga kuchi etmasligini bilib qochishga muvaffaq bo`ladi.
- Inson bolasi bunday vahshiylikka boradi deb o`ylamagandim, - deydi marhumning yana bir opasi Malohat Mallaeva. – Shifoxonada ukamning tanasidagi 33 ta tig` izini sanadim. Qolganiga bardoshim etmadi. Keyin bilsam 44 marta pichoq urishgan ekan. Tasavvur qilyapsizmi, 44 marta?! Hatto shunday jarohatlar bor ediki, pichoq suqib uni burab chiqarib olishgan. Paylarini, jag`larini, qo`llarini nimtalashgan. Eslasam dahshatga tushaman, hozir ham. Eng yomoni bunday vahshiylikka hali voyaga etmagan bolalar guvoh bo`lishgan. Qizi hozirgacha uxlay olmaydi. Chinqirib uyg`onadi. Kichik bolasi endigina 5 yoshga to`ldi. Hatto shu go`dakkina ham titrashdan to`xtagani yo`q. Bolalardan eshitgan gaplarni esa ko`taradigan bardoshim yo`q. Qotillar uyga soat kechasi 12 da kirishgan bo`lsa, tonggi 03 largacha ukamni qiynashgan.
Sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko`ra, Husniddin Mallaevning o`limiga uning tanasining 44 joyidan pichoq bilan jaarohatlangani sabab bo`lgan.
Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi Shuhrat Rajabov so`nggi hukmni e`lon qildi. Unga ko`ra qotil yollagan ayolga Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o`ldirish) 2-qismi «a», «j», «i» va «p» bandlari bilan 13 yilu 3 oy, kodeksning 59-moddasida ko`zda tutilgan (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) holat yuzasidan qisman qo`shish yo`li bilan 13 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, U.S.ga esa Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 4-qismi «a» bandi bilan 18 yil, qisman qo`shish bilan 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, guruhning boshqa a`zolari — B.S.ga 21 yilu 6 oy, A.I. va J.X.ga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Shavkat AMINOV