Bugun, 25 noyabr kuni Jizzax shahridagi “So`g`diyona” sport majmuasida belbog`li kurash bo`yicha o`smirlar va qizlar o`rtasidagi jahon chempionati tantanali ochildi.
Unda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev keyingi yillarda sportni rivojlantirish borasida yurtimizda, xususan, viloyatda olib borilayotgan ishlar haqida to`xtalib, Jizzaxda ilk bor o`tkazilayotgan ushbu chempionatda ishtirok etayotgan 30 dan ortiq davlatlarning 300 nafardan ortiq sportchilariga omad tiladi.
Ta`kidlanganidek, milliy sport turimiz bo`lgan belbog`li kurashni dunyo bo`ylab keng miqyosda ommalashtirish maqsadida joriy yilning 27 sentyabrida Litvaning Vilnyus shahrida Jahon belbog`li kurash assosiasiyasi (JBKA) tashkil etildi va rasman Evropa Ittifoqida ro`yxatdan o`tkazildi. Mazkur assosiasiyaga hamyurtimiz Azizbek G`aniev prezident etib saylandi.
Joriy yilning 7-10 oktyabr kunlari aynan Jahon belbog`li kurash assosiasiyasi homiyligida tarixda ilk bor Ukraina davlatining Lvov shahrida belbog`li kurash bo`yicha erkaklar va ayollar o`rtasida Evropa chempionati o`tkazildi.
Ushbu jahon chempionati O`zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Jahon belbog`li kurash assosiasiyasi (JBKA), O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, O`zbekiston belbog`li kurash federasiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar ko`magida o`tkazilmoqda.
Tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlarga Belbog`li kurash federasiyasi va Jizzax viloyati hokimligining esdalik sovg`alari topshirildi. Shuningdek, sportni rivojlantirishga qo`shayotgan hissasi uchun Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev va Jahon belbog`li kurash assosiasiyasi prezidenti Azizbek G`anievga Turizm va sport vazirligi ta`sis etgan “Jismoniy tarbiya va sport a`lochisi” ko`krak nishonlari topshirildi.