Bugun, 26 noyabr kuni Samarqand shahridagi “Ipak yo`li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “O`zbekistonda madaniy merosni barqaror boshqarish” mavzusida O`zbekiston-Koreya simpoziumi bo`lib o`tdi.
Mazkur tadbir Turizm va sport vazirligi, uning huzuridagi O`zbekiston Madaniy meros agentligi, Koreya Respublikasi Madaniy meros ma`muriyati va Koreya madaniy meros jamg`armasi tomonidan tashkil etildi.
Simpozium Turizm va sport vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O`zbekistonda muzey salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash” loyihasining I bosqichini yakunlashga bag`ishlandi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Koreya Respublikasi Madaniy meros ma`muriyatining merosni targ`ib qilish byurosi bosh direktori I Kyon Xun, Koreya Madaniy meros jamg`armasi dasturi rahbari Kim Dong Xa hamda ODAning madaniy meros bo`yicha bosh direktorining o`rinbosari Jon Bamxvan, O`zbekistondagi muzey va galereyalar rahbarlari, shuningdek, sohaning etakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Ma`lumot uchun: Loyihaning I bosqichi doirasida grant asosida 700 ming AQSh dollari miqdorida:
- O`zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida arxeologik topilmalarni o`rganish va restavrasiya qilish bo`yicha zamonaviy laboratoriya tashkil etildi;
- soha mutaxassislari uchun mahorat darslari o`tkazildi va 95 ta eksponat restavrasiya qilindi;
- “Afrosiyob” muzeyidagi devor rasmlari namoyish etilgan xona ta`mirlandi.
Shuningdek, dastur doirasida o`zbekistonlik mutaxassislar uchun muzey eksponatlari va arxeologik topilmalarni restavrasiya qilish hamda saqlash bo`yicha ilg`or o`quv qo`llanmasi ishlab chiqildi.
Simpoziumda quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
-O`zbekistonda muzeylar konservasiyasini strategik rivojlantirish;
-Afrosiyob devoriy yozuvlar qazib olish va ilmiy jihatdan tahlil qilish;
- Samarqand viloyati hududidagi madaniy meros obektlarini restavrasiya qilish va boshqarish;
-Koreya va O`zbekiston o`rtasida madaniy merosni barqaror saqlash bo`yicha hamkorlik.
Simpozium doirasida koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Muzey eksponatlari va arxeologik topilmalarni restavrasiya va rekonstruksiya qilish” ko`rgazmasining taqdimoti bo`lib o`tdi.


Hozirgi vaqtda Turizm va sport vazirligi tomonidan Samarqand davlat muzey-qo`riqxonasi laboratoriyasiga arxeologik topilmalar tarkibini rentgen tekshiruvidan o`tkazish hamda tahlil qilish uchun jihozlar etkazib berishga maxsus qo`shimcha texnik yordam (taxminan 255 ming AQSh dollari) ajratish, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo`ljallangan asosiy loyihaning II-bosqichini tayyorlash (3,8 mln. AQSh dollari) masalasini kelishib olish o`z yakuniga etmoqda.






