Toshkent shahar IIBB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Yunusobod tumanidagi masjidda janjal ko`tarishga uringan erkak videosi bo`yicha ma`lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan masjidlarning birida juma namozi davomida islom dinini qabul qilgan yigit videosi tarqaldi. Yigit so`zga chiqqan vaqtda bir erkak holatga norozilik bildirgani tasvirlangan.
Ma`lum qilinishicha, 26 noyabr kuni o`tkazilgan juma namozi davomida imom-xatib bir yigit islom dinini qabul qilib, musulmon bo`lmoqchi ekanini ma`lum qilgan. So`ng yigitga so`z berilgan va u jamoaga rus tilida murojaat qilgan. Ko`pchilik uning so`zlarini to`g`ri tushungan, ammo bir erkak holatga norozilik bildirishni boshlagan. Masjid jamoasi uni ko`chaga olib chiqqan.
Aniqlanishicha, ushbu shaxs 41 yoshli A. bo`lib, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida hisobda turadi. Keyinchalik u tibbiyot muassasasiga davolanish uchun joylashtirilgan.