O`zbekistonda madaniy meros ob`ektlarini restavrasiya qilish bo`yicha birinchi laboratoriya tashkil etildi. Turizm va sport vazirligi bu haqda xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Koreya Respublikasi Madaniy meros fondi bevosita Turizm va sport vazirligi, Koreya hukumati hamda Koreya Madaniy meros boshqarmasi bilan birgalikda 2020 yildan boshlab O`zbekiston madaniy merosini asrash bo`yicha ODA (Offissial Development Assistance) loyihasini amalga oshirdi. Mazkur loyiha o`zbek xalqi uchun muhim bo`lgan qadimiy topilmalarni kelajak avlodga etkazish hamda ularni saqlash imkonini berishi aytiladi.
"Loyihaning I-bosqichi doirasida 700 ming AQSh dollari miqdoridagi grant asosida O`zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi qoshida arxeologik topilmalarni o`rganish va tiklash bo`yicha zamonaviy laboratoriya tashkil etildi, soha mutaxassislari uchun mahorat darslari o`tkazildi hamda 95 ta eksponat qayta tiklandi, Afrosiyob muzeyidagi devorga bitilgan rasmlar namoyish etilayotgan xona ta`mirlandi",-deya ta`kidlanadi xabarda.
Ma`lumot uchun, loyiha doirasida O`zbekistondan 6 nafar mutaxassis muzey boyliklarini restavrasiya qilish uslublariga o`qitildi. Ular tomonidan muzeyda namoyish etilgan bir qancha sopol va metall buyumlari rekonstruksiya qilindi.