Bugun, 4 dekabrda O`zbekiston Konstitusiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Konstitusiya – milliy taraqqiyotimiz ko`zgusi ” mavzusida ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi.
Mazkur tadbirda Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Azizbek Ikramov hamda “Ma`rifat” targ`ibotchilar jamiyati a`zolari, shuningdek, Ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etishgan.
"Tadbirda so`zga chiqqanlar bosh qomusimiz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizasiya qilish, ta`lim, fan, madaniyat hamda ma`naviyat rivojida muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilayotganligini alohida ta`kidlashdi",-deya tadbir xususida ma`lum qilinadi.
Shuningdek, ta`kidlanishicha, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilga tayangan holda odamlarning dardini eshitish bugungi kunning asosiy vazifasi bo`layotgani ta`kidlangan.
Qayd etilishicha, tadbir davomida Konstitusiyaning yaratilish tarixi, uning demokratik-huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta`minlashdagi ahamiyati, bosh qomusning xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi haqida atroflicha ma`lumot berilgan.
Yakunda Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi ansambli xonandalarining musiqiy chiqishlari namoyish etilgan.