Bahrayn poytaxti Manama shahrida uchinchi yoshlar Paraosiyo o`yinlari o`z yakuniga etdi.
Bir necha kun davom etgan musobaqada qit`amizning yosh paralimpiyachilari g`oliblik uchun bahs olib bordilar.
Musobaqaning tantanali yopilish marosimida Osiyo Paralimpiya qo`mitasi prezidenti Majid Rashid tashkilot bayrog`ini ushbu musobaqaning keyingi mezboniga topshirdi. Ma`lumki, yana 4 yildan so`ng Toshkent yoshlar o`rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o`yinlariga mezbonlik qiladi. Tashkilot bayrog`ini O`zbekiston Milliy Paralimpiya qo`mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev qabul qilib oldi.
O`zbekiston Milliy Paralimpiya qo`mitasining ma`lum qilishicha, musobaqa davomida sportchilarimiz 11 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza, jami 18 ta medal qo`lga kiritishdi.






