Kecha, 7 dekabr kuni Abu – Dabi shahrida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov BAA Bosh vazirining o`rinbosari, Prezident ishlari bo`yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog`ida investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari muhokama qilindi, deya ma`lum qilmoqda vazirlik.
"Bu borada yuzaga kelayotgan ba`zi masalalar hamda qo`yilgan vazifalarni ijro etish uchun kelgusidagi o`zaro hamkorlik mexanizmlari ko`rib chiqildi",-deya alohida ta`kidlanadi xabarda.
Tomonlar O`zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan amirlik sarmoyalari hajmini oshirishning yuqori dinamikasi va amirlik kompaniyalari tomonidan loyihalarni amalga oshirishda erishilgan muvaffaqiyatlarni qayd etishgan.
Jumladan, Masdar kompaniyasi joriy yilning avgust oyida O`zbekistonda birinchi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirgan hamda hozirgi kunda uchta yangi quyosh elektr stansiyasi, xususan, 457 MVt quvvatga ega Sherobod QES, 220 MVt quvvatga ega Samarqand QES va 220 MVt quvvatga ega Jizzax QES qurilishi bo`yicha o`tkazilgan tenderlarda g`olib bo`lgan. O`zbekistonda Masdar loyihalarining umumiy portfeli hozirda 2 mlrd dollardan ortgani aytiladi.
Muloqot chog`ida energetika, qishloq xo`jaligi, moliya sektori, infratuzilmani rivojlantirish va sog`liqni saqlash kabi investisiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo`nalishlari belgilab olingan.






