Ijtimoiy tarmoqlarda “Yangi elektr xisoblagichlar tokni ko`p, xatto 2 barobargacha ko`p hisoblashi kuzatilmoqda, uni qanday qilib sozlash videoda batafsil tushuntirilgan” sarlavhali video tarqalgan edi.
Ushbu xabarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ munosabat bildirdi.
"Ushbu tarqatilayotgan video mutlaqo asossiz va yolg`on ma`lumotlardan iborat"- , deyiladi xabarda.
Ta`kidlanishicha, bundan ikki yil avval mazkur videoni tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan shaxsga nisbatan o`sha vaqtning o`zidayoq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan huquq-tartibot organlariga taqdimnoma kiritilib, asossiz ma`lumot tarqatgani uchun tegishli tartibda jazoga tortilgan.
Shuningdek, videoda keltirilgan vajlar asossiz ekanligini isbotlovchi videomaterial tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali elektr energiyasi iste`molchilariga bu borada tushuntirishlar berilgan.
Qayd etilishicha, zamonaviy hisoblagichlar ishlab chiqarish jarayoni inson omili ta`sirisiz alohida, bir nechta bosqichli ko`riklardan o`tkazilgan holda olib boriladi. Ya`ni davlat metrologik ko`rsatkichlari talabiga javob bermasa, yaroqsiz deb topiladi va foydalanishga chiqarilmaydi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu kabi asossiz xabarlarga ishonmaslikni so`radi.