Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag`ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahriga O`zbekistondan bir gurux olimlar va san`atkorlardan iborat delegasiya bordi.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to`g`risida”gi qaroriga asosan, O`zbekistonda va xorijda bir qator tadbirlar, ilmiy anjumanlar o`tkazilmoqda.
Buyuk mutafakkir ijodi asrlar davomida butun insoniyatni ezgulikka, tinchlik va do`stlikka da`vat etib kelgan. Shu bois, hatto eng og`ir damlarda Alisher Navoiy merosi insonlar qalbida yorug` kunlarga umid uyg`otgan.
Qayd etilishicha, O`zbekiston madaniy merosini asrash, o`rganish va ommalashtirish bo`yicha Butujaxon jamiyati tashabbusi bilan Rossiya Davlat Ermitaji rahbariyatiga hazrat Navoiyning 580 yilligi hamda qamal davrida o`tkazilgan adabiy anjumanga 80 yil to`lishi munosabati bilan ushbu nufuzli madaniyat maskanida ilmiy-badiiy kecha o`tkazish rejalashtirilgan. Tadbirda O`zbekistonlik va rossiyalik olimlar buyuk mutafakkir hayoti va ijodi yuzasidan yangi tadqiqotlari bo`yicha ilmiy munozaralar qiladilar. Shoir g`azallariga bag`ishlangan qo`shiqlar ijro etiladi.
O`zbekiston delegasiyasi tarkibidan O`zbekiston Qahramonlari Ibrohim G`afurov, Munojot Yo`lchieva, navoiyshunos olimlardan Shuhrat Sirojiddinov, Aftondil Erkinov, Sultonmurod Olim, Olimjon Davlat, Burobiya Rajabova va boshqalar o`rin olgan.
Eslatib o`tamiz, tadbirlar 10-11 dekabr kunlari bo`lib o`tishi kutilmoqda.






