Shavkat Mirziyoev Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik yo`lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e`lon qilindi.
"Qadrli vatandoshlar!
Muhtaram dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Bugungi qutlug` ayyom – Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni munosabati bilan sizlarni, butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.
Saxovatli zaminimizda go`zal hosil bayrami nishonlanayotgan shu fayzli damlarda yangi O`zbekiston ravnaqi va aholi farovonligi yo`lida fidokorona mehnat qilayotgan, qadoq qo`li va fidoyi qalbi bilan elimizning rizq-nasibasini yaratayotgan, o`z ishining ustasi bo`lgan mohir dehqon va fermerlar, bog`bonlar, chorvador va pillakorlar, suvchilar va irrigatorlar, agronom va mexanizatorlar, agroklasterlarning rahbarlari va ishchi-xodimlari, dehqon xo`jaligi rahbarlari, sohaning jonkuyar olimlari hamda mutaxassislariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Aziz do`stlar!
Keyingi yillarda qishloq xo`jaligi sohasida uzoqni ko`zlagan holda amalga oshirayotgan tub islohotlarimiz tizimda salmoqli natijalarga erishishda muhim omil bo`lmoqda.
Biz bu yo`nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettirib, mamlakatimizda qulay agrobiznes muhitini yaratish, bu borada investisiyaviy jozibadorlikni oshirish, sohani sanoatlashtirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.
O`z navbatida, omilkor dehqon va fermerlarimiz eng so`nggi ilm-fan yutuqlarini puxta o`rgangan holda, ko`p yillik boy bilim va tajribalari bilan soha taraqqiyoti uchun azmu shijoat ko`rsatayotganini alohida ta`kidlash lozim.
Hammamizga ayonki, dehqonchilik er yuzidagi eng sharafli, ayni vaqtda mashaqqatli kasblardan biridir. Yurtimiz qishloq xo`jalik sohasi bu yil ham turli qiyinchiliklarga duch kelganiga barchamiz guvohmiz.
Avvalo, dunyo miqyosida davom etayotgan pandemiya ta`siri, qolaversa, bahorda yog`ingarchilikning kam bo`lgani, yoz chillasining o`ta issiq kelishi, suv resurslarining har yilgidan sezilarli darajada tanqisligi dehqonlarimizning iroda va matonatini yana bir bor sinovdan o`tkazdi.
Lekin mavjud muammolarga qaramasdan, barcha tarmoqlarda mo`l hosil etishtirib, avvalgi yillarga nisbatan yuqori marralarga erishganingiz uchun siz, azizlarga har qancha tahsin aytsak, arziydi.
Bu yil respublikamiz bo`yicha 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, 7,4 million tonnaga yaqin don, 3,4 million tonnadan ziyod paxta xom ashyosi, 23 ming tonna pilla, 2,6 million tonna go`sht, 11 million tonnadan ortiq sut mahsulotlari, 8,3 milliard dona tuxum, 400 ming tonna baliq etishtirilgani yil bo`yi tunu kun qilingan mashaqqatli mehnatning munosib samarasidir.
Bu haqda gapirganda, g`allaning har gektaridan 95-100 sentnerdan hosil olgan Marhamat tumanidagi «Sotvoldiev Hoshimjon», Buvayda tumanidagi «Islomjon Shukurullo», Ohangaron tumanidagi «Najmiddin Faxriddin fayz», Do`stlik tumanidagi «Farhod», Romitan tumanidagi «Ko`hna Buxoro», Qarshi tumanidagi «Mo`l hosil sifat», Rishton tumanidagi «Mohinur fayzli gavhari», Qumqo`rg`on tumanidagi «Padang», Ellikqal`a tumanidagi «Saxtiyon Azamati», To`raqo`rg`on tumanidagi «Shohida burguti» kabi fermer xo`jaliklarining nomlarini mamnuniyat bilan e`tirof etamiz.
Agrar sohaning yana bir muhim tarmog`i – paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy mavsumda o`tgan yilga nisbatan 422 ming tonna ko`p paxta xom ashyosi etishtirildi. Hosildorlik esa o`rtacha 6,3 sentnerga oshgani ayniqsa e`tiborlidir.
Bunday ulkan xirmonni yaratishga salmoqli hissa qo`shgan Qumqo`rg`on tumanidagi «Termiz Jayxun», Do`stlik tumanidagi «Sangzor-tekstil», Zafarobod tumanidagi «Jizzax kenteks», Boyovut tumanidagi «Boyovut tekstil klaster», Qorako`l tumanidagi «Qorako`l kumush kalava», G`ijduvon tumanidagi «Buxoro agro klaster», To`raqo`rg`on tumanidagi «Namangan to`qimachi klaster», Paxtachi tumanidagi «Paxtachi klaster», Oqqo`rg`on tumanidagi «Oqqo`rg`on agro klaster», Yangiariq tumanidagi «Yangiariq teks», Bog`ot tumanidagi «Koboteks» kabi paxta-to`qimachilik klasterlari, shuningdek, Jarqo`rg`on tumanidagi «Xushboq bobo», Sharof Rashidov tumanidagi «Norqozoq ota», Yuqori Chirchiq tumanidagi «Tangirberdi ota», Qo`rg`ontepa tumanidagi «Savay ko`rki», Peshku tumanidagi «Varaxsho nurli zamini», Beruniy tumanidagi «Rahmatulla Chaman» fermer xo`jaliklari hammaga namuna bo`lganini minnatdorlik bilan ta`kidlaymiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugungi kuchli raqobat sharoitida qishloq xo`jaligi tizimida ham yangicha yondashuv, innovasiyalar va ilg`or ishlanmalarni, intensiv va resurs tejaydigan texnologiyalarni izchil tatbiq etishni zamonning o`zi taqozo qilmoqda.
Keyingi paytda butun dunyoda bo`lgani kabi mintaqamizda ham yuz berayotgan iqlim o`zgarishlari, suv resurslarining tobora taqchil bo`lib borayotgani, ekologik muammolar sohada ilm-fan va ishlab chiqarish uyg`unligini ta`minlash naqadar dolzarb ekanini ko`rsatmoqda.
Ana shu omillarni hisobga olgan holda, O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasi sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish va innovasion texnologiyalarni qo`llash, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, aholiga sifatli mahsulotlar etkazib berish, eksport geografiyasini kengaytirishdek ustuvor masalalarda dasturilamal bo`lib xizmat qilmoqda.
Qishloq xo`jaligida bozor mexanizmlariga asoslangan, boshqaruvning mutlaqo zamonaviy shakli bo`lgan klaster tizimi joriy etilayotgani amalda o`zini to`la oqlamoqda. Ushbu innovasion tizim agrar sohani rivojlantirishning muhim vositasiga, qishloq aholisining kafolatli daromad manbaiga aylanib bormoqda.
Hozirgi vaqtda yurtimizda barcha yo`nalishlarda 651 ta agroklaster faoliyat yuritib, paxta va g`allaning 100 foizi, meva-sabzavotning 40 foizidan ortig`i aynan ana shunday korxonalar ulushiga to`g`ri kelmoqda.
Agroklasterlar qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish, sohani sanoatlashtirish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash, pirovardida chetga xom ashyo emas, qo`shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot eksport qilish, bandlikni ta`minlash, kambag`allikni qisqartirish kabi asosiy vazifalarni samarali amalga oshirmoqda.
Natijada birgina paxtachilikda tolani qayta ishlash ko`rsatkichi 2,5 baravarga oshdi. Hosilning 100 foizi mamlakatimizda qayta ishlanishi tufayli ip-kalava ishlab chiqarish 2 baravarga, tayyor mahsulot hajmi 3 baravarga ortdi. Bu boradagi yillik eksport miqdori qariyb 3 milliard dollarni tashkil qildi.
Er qadrini biladigan, uning har qarichidan unumli foydalanadigan, doimo izlanib, noyob tajriba maktabi yaratgan klaster rahbarlari, fermer va dehqonlarimiz, shuningdek, meva-sabzavot, sholi, dorivor giyohlar etishtirish, chorvachilik va boshqa sohalarda ham yuqori natijalarni qo`lga kiritib kelayotgani g`oyatda ahamiyatlidir.
Hurmatli soha vakillari!
Sizlarga ma`lumki, so`nggi yillarda qishloq xo`jaligi erlarining unumdorligini oshirish, oborotdan chiqqan ekin maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, lalmi erlarni o`zlashtirish ishlariga jiddiy e`tibor qaratilmoqda. 2020-2021 yillarda 369 ming gektar er qayta foydalanishga kiritildi. Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo`llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan subsidiya ajratish tizimi yo`lga qo`yildi.
Shuningdek, yangi issiqxonalar tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari tannarxining barqarorligini ta`minlash borasidagi ishlar ham o`zining ijobiy natijalarini bermoqda. Xususan, birgina 2021 yilning o`zida 797 gektar maydonda qiymati 2,3 trillion so`mlik 398 ta zamonaviy issiqxona ishga tushirilib, 11 mingdan ortiq kishining bandligi ta`minlandi.
Bularning barchasi ichki bozor ehtiyojini qondirish bilan bir qatorda, eksport imkoniyatlarini kengaytirib, qishloq joylarida ko`rkam va qulay bo`lgan savdo, logistika markazlari va qayta ishlash korxonalarini rivojlantirmoqda Xorijiy mamlakatlar bozorlariga yangi istiqbolli yo`nalishlar ochilib, qariyb 1,5 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari 65 ta davlatga eksport qilindi.
Bu o`rinda, eksport ko`rsatkichlarida o`tgan yilga nisbatan dukkakli mahsulotlar 122 foizga, uzum mahsulotlari 142 foizga, sabzavotlar 103 foizga hamda yong`oq mahsulotlari 1,8 barobarga o`sganini alohida qayd etish lozim.
Ayni paytda, yangi loyihalar ustida ishlash, bozor mexanizmlari tamoyillarini keng joriy etgan holda mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, xizmat ko`rsatish turlarini ko`paytirish va sifatini yanada yaxshilash, malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari diqqatimiz markazida bo`lishi lozim. Ana shu talab va mezonlardan kelib chiqqan holda, sohada keng ko`lamli islohotlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Jumladan, mahsulot etishtirish tannarxini 30-35 foizga qisqartirish, er unumdorligini oshirish, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga ko`paytirish, eksportbop mahsulotlar etishtirishni qo`llab-quvvatlash hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, agrosanoat korxonalarini xom ashyo bilan ta`minlash va ishlab chiqarish hajmini keskin o`stirish, chorvachilik tarmoqlari faoliyatini takomillashtirish, suv xo`jaligi ob`ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish tizimiga o`tish kelgusida o`zining ijobiy samarasini ko`rsatadi, albatta.
Oldimizda turgan bunday mas`uliyatli vazifalarni bajarishda barchangiz elkama-elka turib, bir tanu bir jon bo`lib, bor malaka va tajribangizni, kuch-g`ayrat va salohiyatingizni safarbar etishingizga ishonaman.
Muhtaram do`stlarim, qadrdonlarim!
Mir Alisher Navoiy hazratlarining bobodehqonlarni ulug`lab, ular erga urug` sochib, el-yurt uchun rizq yo`lini ochadilar, deb aytgan so`zlarida teran hayotiy ma`no borligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Sizlarni ushbu fayzli va shukuhli ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.
Kirib kelayotgan yangi – 2022 yilda hosilimiz yanada mo`l bo`lsin!
Xalqimiz, elimiz dasturxonidan to`kin-sochinlik hech qachon arimasin!
Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping, tanti va bag`rikeng, yaratuvchan va ona zaminni sevib ardoqlaydigan azizlarim!"deydi Shavkat Mirziyoev






