Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzaev avvalgi hokim - Davron Hidoyatov tomonidan imzolangan farmoyish bilan ajratilgan 34 milliard so`mni byudjetga qaytarish to`g`risida hujjat imzoladi.
Ma`lumotga ko`ra, Davron Hidoyatovning 2021 yil 3 noyabr oyidagi farmoyishiga muvofiq ajratilgan 34mlrd so`m mablag` viloyat mahalliy budjetining 2021 yil III chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan tiklangan.
Shuningdek, nogironligi bo`lgan, kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning uy-joylarini ta`mirlash uchun viloyat "Saxovat va ko`mak" jamg`armasiga pul o`tkazib berish maqsadida viloyat hokimligiga 1 650 000,0 ming so`m mablag` ajratilishi belgilandi.
Bunda jamoatchilik tomonidan uzoq muhokamalarga sabab bo`lgan "Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda "Nurafshon Business City" hududida zamonaviy kutubxona binosining qurilishi to`g`risida"gi Davron Hidoyatovning farmoyishi o`z kuchini yo`qotgan deb topildi.
"Viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi mablag` ajratish bo`yicha tegishli hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta`minlasin",-deyiladi Zoyir Mirzaev imzolagan farmoyishda.