AsosiyMadaniyat

Missionerlik nima va unga qarshi qanday kurashish mumkin?

'Missionerlik nima va unga qarshi qanday kurashish mumkin?'ning rasmi

Missionerlikka qarshi qanday kurash olib boriladi, missionerlikning geosiyosiy maqsadlari nimalarda ko`rinadi, O`zbekistonda missionerlik faoliyatiga qanday qaraladi, qonunchilikda nimalar ko`rsatilgan shu va shu kabi mavzulardagi suhbatimiz Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma`naviy tadqiqotlar instituti bo`lim boshlig`i, siyosiy fanlari bo`yicha falsafa doktori Mansur Musaev bilan bo`ldi. 

Globallashuv sharoitida mafkura poligonlarida inson qalbi va ongini zabt etishga bo`lgan harakatlar tobora kuchaymoqda. Zero, global miqyosda g`oyaviy - mafkuraviy tahdid sifatida namoyon bo`layotgan missionerlikning kuchayishi dunyo jamoatchiligi ongi, ruhiyati va ma`naviyatiga jiddiy ta`sir o`tkazmoqda. Bu haqda fikr yuritganda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qayd etganidek:Barchamizga yaxshi ma`lumki, hozirgi kunda dunyo shiddat bilan o`zgarmoqda. Insoniyatning taqdiri va kelajagiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda”,-deya ta`kidlagani bejiz emas. Zero, bugungi kunda missionerlik zamirida taraqqiyot sari intilayotgan mamlakatlarning davlat suvereniteti, konstitusion tuzumga qilinayotgan tajovuzlarni mafkuraviy qo`llab quvvatlash, mafkura poligonlarida olib borilayotgan kurash uchun juda katta sarmoyalarni safarbar etishayotganligi kuzatish mumkin.

Missionerlik nima?

Keng ma`noda missionerlik (lot. yuborish, topshirish) biror dinni o`z yurtidagi yoki o`zga yurtlardagi g`ayridinlar o`rtasida tarqatish sohasidagi cherkov tashkilotlarining faoliyati hisoblanadi. Missionerlik - biror dinga e`tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ`ib qilish. Buddizmda miloddan avvalgi 3-asrdan boshlab yoyilgan, Xristianlikda missionerlik 4-asrdan paydo bo`lgan. XIII-XVI asrlarda xristian missionerligi Hindiston, Xitoy, Yaponiyaga kirib bordi. Katolik cherkovi missionerlik Ispaniya va Portugaliya mustamlaka imperiyalari tashkil topgach (XV-XVIasrlar), o`z faoliyatini kuchaytirdi. Missionerlik Yangi erlarni zabt etishda mustamlakachilarga yordam berdi. Katolik missionerlariga rahbarlik qilish uchun papa Grigoriy XV 1662 yilda Diniy targ`ibot kongregasiyasini ta`sis etdi. Missionerlik 19-asrning uchinchi choragida, imperialistik davlatlar dunyoni bo`lib olish uchun kurash olib borgan davrda ayniqsa aktivlashdi. Xristian missionerlari Afrikada o`z faoliyatlarini kuchaytirdilar. Missionerlik muassasalari yirik kapital va erlarni tasarruflariga olib, o`z mamlakatlari siyosatini o`tkazishga katta yordam beradilar. Hozir xam missionerlar imperialistik doiralar manfaatini ko`zlab ish olib bormoqdalar.

Missionerlikning geosiyosiy maqsadlari

Shu o`rinda, missionerlik aniq belgilangan siyosiy maqsadlarni amalga oshirishda aksariyat holatlarda yovuz va buzg`unchi g`oyalarini ko`zlayotgani oydinlashmoqda. Mazkur harakatlar oqibatida iqtisodiy taraqqiyotdan orqada qolgan davlatlarga “beg`araz” yordamning ko`rsatish niqobi ostida ayrim mustaqil davlatlarning ichki ishlariga ochiqdan ochiq aralashuvining yashirin ko`rinishi sifatida namoyon bo`lmoqda. 

Bugungi kunda u yoki bu dinni bayroq qilib dunyoviy tartibotga qarshi yo`naltirilgan radikal harakatlarga qarshi kurash olib borish ko`p qirrali benihoya ziddiyatli fenomen ekanligini inobatga olish zarur. Zero, jahondagi etakchi davlatlar missionerlik harakatlarini yo`naltirish orqali iqtisodiy yordam berish bahonasida aksariyat holatlarda o`zlarining siyosiy shartlarini bajarishga majbur qilish holatlari kuzatilmoqda. Ayniqsa, iqtisodiy jihatdan zaif davlatlarga “beg`araz” yordam ko`rsatish orqali o`z siyosiy ta`sir doirasiga olish holatlari tobora oydinlashmoqda. Xususan, diniy vositalar orqali o`zga davlatlarning ichki ishlarga aralashish bilan bir qatorda, kuchli davlatlarning kuchsiz davlatlarga nisbatan siyosiy bosimini tajovuzkorlik harakatlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, jahondagi etakchi davlatlarning dunyo zaxiralarining egallash va nazorat qilishda mafkuraviy hujum quroli sifatida missionerlikdan foydalanayotganligi kuzatilmoqda. Bugungi kunda missionerlik natijasida ayrim mamlakatlardagi davlat suvereniteti, konstitusion tuzumga qilinayotgan tajovuzlarni mafkuraviy qo`llab quvvatlash va ta`minlash holatlari namoyon bo`lmoqda. 

Missionerlik qanday oqibatlarga olib kelmoqda?

Dunyoda miqyosida tahlikali vaziyatini tobora avj olishi missionerlik borasida jiddiy fikrlashni taqozo etayotir. Missionerlik oqibatida muayyan hudud va mintaqada katta ma`naviy yo`qotishlar yuz berayotganligi mamlakat miqyosida hukumat boshqaruvida o`zaro qarama qarshi kuchlarning shakllanishiga zamin yaratmoqda. Mazkur holat, eng avvalo, millatning asriy qadriyatlariga raxna solish orqali xalq va millatning turmush darajasini izdan chiqarish orqali davlat boshqaruvida separatizmning kuchayishi muayyan mamlakat suverenitetiga nisbatan jiddiy xavf solmoqda.

Noan`anaviy dinlar dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda

Hozirgi kunda, dunyo hamjamiyatini noan`anaviy dinlarning faoliyati tashvishga solmoqda. Aynan, dunyo miqyosida noan`anaviy dinlarning ijtimoiy namoyon bo`lishi bir qator muammolarni keltirib chiqarishga zamin yaratyapti. Bir millatga mansub, bir tilda gaplashuvchi, umumiy tarix va yagona davlatga ega bo`lgan fuqarolarni diniy asosda bo`lib tashlashga qaratilgan harakatlar har qanday jamiyat hamda davlat uchun tahdid tug`dirmoqda. Ayni paytda insoniyatning ko`p asrlik tarixi dindan niqob sifatida foydalanish undagi g`oyalarni vayronkorlik ruhida talqin etish insonlar boshiga ko`plab kulfatlar keltirganini ko`rsatadi. Zamonaviy voqelik dindan g`arazli maqsadlar yo`lida foydalanish davom etishi barobarida, u o`ta nozik tus va xatarli ko`rinishlar olayotganidan guvohlik bermoqda.

Bugungi kunda noan`anaviy diniy jamoalar tomonidan qilinayotgan targ`ibot va tashviqotlar oqibatida konfessiyalararo nizolarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, ayrim diniy tashkilotlar tomonidan o`z saflarini kengaytirish maqsadida o`zga dinlar o`rtasida missionerlik faoliyatini olib borishi diniy adovatlarga sabab bo`lmoqda. Mazkur holatlar Afrika va Osiyo mintaqasidagi qator mamlakatlarda missionerlik natijasida tub aholining diniy tarkibidagi muvozanatni buzilishiga zamin yaratmoqda. Natijada, mazkur holatni missionerlik oqibatida turli din vakillari orasida doimiy ravishda diniy adovatlar kelib chiqayotgan mojarolar misolida ko`rish mumkin. Jumladan, Afrikaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Sudan Respublikasining asosiy neft zaxiralari joylashgan janubiy hududlari o`tgan asr davomida katolik va protestant miscionerlari tomonidan faol xristianlashtirilgan edi. Ushbu hududda markaziy hukumatga qarshi qurolli chiqishlar oqibatida, ayrim ma`lumotlarga ko`ra, 1,5 mln.ga yaqin odam nobud bo`lgan. 2011 yili Afrikadagi eng yirik davlat hisoblangan mazkur mamlakat musulmonlar ko`pchilikni tashkil etuvchi Sudan aholisining asosiy qismi xristianlardan iborat janubiy Sudan Respublikasiga bo`lib yuborildi. Vaholanki, missionerlik oqibatida o`tmishda buyuk madaniyat va taraqqiyot davrlarini boshidan kechirgan xalq va millatlar o`rtasida o`zaro nizo va adovatlarni kuchayishiga zamin yaratayotganligini ta`kidlash o`rinlidir. 

Aynan, mazkur holat tufayli Indoneziyaning xristianlashtirilgan shimoliy hududlari – Sumatra, Sulavesi va Molukko hududlarida muttasil ravishda musulmonlar va xristian prozelitlari o`rtasida diniy nizolar asosida to`qnashuvlar, qotilliklar, terrorchilik harakatlari ro`y berib turadi”. Dunyodagi “ayrim” siyosiylashgan diniy markazlar tomonidan mazkur omillar mustamlakachilik va yangi mustamlakachilik, buyuk davlat shovinizmi va xalqaro munosabatlarda diniy zo`ravonlik asosida mamlakatda parokandalikni keltirib chiqarishga zamin yaratmoqda. Shu tariqa, “iqtisodiy yordam” ko`rsatish bahonasida rivojlanayotgan davlatlarni ichki ishlariga aralashuv singari qonunga zid harakatlar kuzatilayotganligini ta`kidlash lozim. Natijada, hokimiyat uchun kurash, ayirmachilik, chegaraviy va mintaqaviy ziddiyatlar, etnik mojarolar ekstremizm va terrorizmni tobora kuchayishiga zamin yaratmoqda. O`z navbatida mazkur holat, mamlakatda diniy tuyg`ularni kuchaytirish orqali bir-biriga qarama qarshi turgan guruhlarni shakllantirmoqda. Din mafkuraning eng keng tarqalgan shakli bo`lgani uchun undan siyosiy partiyalar ham foydalandi. Keyingilar esa dinning asl mohiyatini buzib, uni niqob qilib oldi.

Nishonda eng nochor qatlam

Globallashuv sharoitida dunyodagi “ayrim” siyosiy kuch markazlari o`zlarining geostrategik maqsadlarini amalga oshirishda “nishon” sifatida tanlangan mamlakatni o`ziga tobe qilishda missionerlikdan foydalanmoqda. Ayniqsa, muayyan mintaqa va hududda yashovchi aholining eng nochor kam ta`minlangan qatlamini aniqlash orqali ularga “rejali beg`araz” yordam ko`rsatish bahonasida ichki ishlariga bevosita aralashuv singari qonunga zid harakatlarni o`zida namoyon etmoqda. Jahonda geosiyosiy kuchlar muvozanatining o`zgarishi, ayrim rivojlangan davlatlarning o`z demokratiyasini “eksport” qilish orqali dunyoga hukmronlik uchun ochiqdan-ochiq da`vogarlik qilishi hech kimga yangilik emas. 

Insonlarning diniy psixologiyasi o`zgarmoqda

Shu tariqa, dunyo miqyosida ijtimoiy tabaqalanishning kuchayishi, bozorning shafqatsiz raqobati, iqtisodiy inqiroz tufayli ommaning diniy psixologiyasini o`zgartirmoqda. Aynan, mazkur holat, missionerlikdan o`z manfaatlari yo`lida foydalanishga zamin yaratmoqda. Ayniqsa, muayyan mintaqa va hududda vujudga kelayotgan yangi diniy harakat (YaDH)larning missionerlik faoliyati uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Ya`ni: “missionerlik hudud”ini o`rnatish, uni xorijiy sarmoyalar asosida moliyalashtirish orqali diniy jamoalar sonini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Natijada, missionerlikning faol targ`ibot va tashviqoti orqali oldin mavjud bo`lmagan yuzlab xristianlik konfessiyalari vujudga kelmoqda. Ayniqsa, missionerlikning kuchayishi jahon miqyosida global ijtimoiy – iqtisodiy inqiroz davrida davlatlarni bir tuzumdan ikkinchisiga o`tishi sharoitida avj olmoqda.

Missionerlikka xalqaro miqyosda homiylik qilayotganlar bor

Dunyo miqyosida missionerlikning keng ko`lamdagi faoliyati missionerlik tashkilotlarini kengaytirmoqda. Mazkur harakatga xalqaro miqyosda homiylik qilayotgan siyosiy markazlar, moliyaviy doiralar, alohida shaxslarning doimiy e`tiborda ekanligi missionerlikka nisbatan jiddiy e`tibor qaratishni taqozo etadi. Ayniqsa, “ayrim” siyosiy markazlar ko`magi ostida “beg`araz” moliyaviy yordam ko`rsatish va turli xayriya jamg`armalari niqobi ostida ko`llab quvvatlash masalani bu borada jiddiy ekanligini taqoza etadi.

Xorijiy moliyaviy ko`mak asosida moliyalashtirilayotgan missionerlik strategiyasida aksariyat holatlarda siyosiy maqsadlarni ko`zlab harakat qilayotganligi yaqqol namoyon bo`lmoqda. Ziddiyatlardan o`z manfaatlari yo`lida foydalanib kelayotgan turli xil siyosiy-mafkuraviy guruhlar etnik-milliy, diniy asosda yangi ziddiyatlarni ongli ravishda avjiga chiqarmoqdalar[8]. Natijada, mazkur holat, muayyan mintaqalarda avvalo, jamiyat xavfsizligi hamda mamlakat barqarorligiga putur etishi uchun zamin yaratmoqda. Aynan, missionerlikni rivojlantirish maqsadida xorijdan yo`naltirilayotgan “beg`araz moliyaviy”dan o`z manfaati va maqsadlari sari intilish tobora oydinlashmoqda. Vaholanki, dunyo miqyosida geosiyosiy kuchlar muvozanatining tobora o`zgarishi, ayrim rivojlangan davlatlarning o`z demokratiyasini “eksport” qilish orqali dunyoga hukmronlik qilish maqsadida ochiqdan - ochiq da`vogarlik qilishga bo`lgan harakatlar misolida namoyon bo`lmoqda.

Missionerlik mamlakatni siyosiy boshboshdoqlikka etaklaydimi?

Yaqin Sharq mintaqasiga, jumladan, arab mamlakatlariga o`z ta`sirini o`tkazishga urinayotgan kuchlar o`rtasidagi geosiyosiy raqobatning kuchayishi ular mustaqilligiga tahdidlarning yangi turlari sifatida namoyon bo`layotganini ko`rsatmoqda. O`z navbatida, bunday harakatlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, jumladan, ayrim arab davlatlarining geosiyosiy va geostrategik ahamiyati ortib borayotgani, ulkan tabiiy-iqtisodiy va boshqa resurs salohiyatiga egaligi ular xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xatarlar saqlanib qolayotgan mintaqa sifatida hamon jahon hamjamiyati diqqat markazida turganligini ham anglatadi. Zero, missionerlik harakatlari natijasida “inson huquqlari”, “vijdon erkinligi”, “demokratik erkinliklar”ni olg`a surish uchun ko`rsatilayotgan “ko`mak” aslida mamlakatni parokandalik sari siyosiy boshboshdoqlikka etaklayotganligi yaqqol namoyon bo`lmoqda. Erkinlik, demokratiya inson huquqlari kabi jozibali g`oyalarni niqob qilib olgan bu siyosiy kuchlar shu asosida dunyodagi xohlagan mustaqil davlatning ichki ishlariga aralashib, g`arazli maqsadlarga erishmoqchi bo`ladi. Vaholanki, missionerlik orqali amalga oshirilayotgan “demokratiya” niqobidagi urinishlar mana shunday noxushliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini anglash barchadan jiddiy fikrlashni taqozo etmoqda. 

“Strategik tadqiqotlar” nimani ko`rsatdi

Mutaxassislar tomonidan o`tkazilgan “strategik tadqiqotlar” natijasiga ko`ra, missionerlik dunyoda global miqyosida turli konfliktda va qat`iy geosiyosiy bosimda ekanligini ta`kidlashadi. Missionerlik ta`siri ostida har qanday xalq va millatning madaniy ildiziga tahdid solish orqali o`ta radikal millatchilik harakatlarini vujudga kelishiga sabab bo`lmoqda. Natijada, mazkur harakatlar oqibatida dunyoda global miqyosda etnik va millatlararo mojarolarning tobora avj olishi har qanday xalq va millatni mentalitetiga raxna solish orqali ma`naviy tubanlik girdobiga etaklamoqda. Shu tariqa, missionerlik oqibatida “ayrim” siyosiy kuchlar o`zining gegemonligini o`rnatish maqsadida g`oyaviy-mafkuraviy, geosiyosiy, madaniy jihatdan ustunlikka erishish kuzatilmoqda. Xususan, global iqtisodiy inqiroz davrida missionerlik dunyoning nochor davlatlari taraqqiyotiga go`yoki, “iqtisodiy” yordam ko`rsatish bahonasida qashshoqlik, ochlik, nochorlikni bartaraf etish maqsadida “maqsadli” yordamni tavsiya etishi namoyon bo`lmoqda. Natijada, xorijdan yo`naltirilayotgan “maqsadli” iqtisodiy yordam ta`sirida rivojlanayotgan davlatlar o`rtasidagi tengsizlik tobora keskin tus olishi oqibatida bir qator tahlikali vaziyatlar vujudga kelmoqda. Vaholanki, missionerlik tashkilotlari tomonidan ko`rsatilayotgan “maqsadli” yordam mazkur mintaqalardagi muammolarni hal etish uchun emas, balki mazkur davlatlarni o`zlariga iqtisodiy qaram qilish orqali o`zlarini moddiy jihatdan yuksalishiga zamin yaratmoqda. Aynan, missionerlik tashkilotlari tomonidan “maqsadli” yo`naltirilayotgan iqtisodiy yordam tufayli muayyan mintaqa va hudud miqyosida noan`anaviy diniy jamoalarning ko`payishi kuzatilmoqda. 

Diniy kelishmovchiliklarning yagona manbai

Shu tariqa mavjud diniy tashkilotlar o`rtasida vujudga kelayotgan diniy tafovutlar oqibatida konfessiyalararo nizolarning kuchayayotganligini aytib o`tish lozim. Natijada, mazkur holat, diniy asosdagi to`qnashuvlarni keltirib chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aslida, moddiy jihatdan qudratli hisoblangan “ayrim” din niqobi ostidagi missionerlik aslida diniy kelishmovchiliklarning yagona manbai sifatida namoyon bo`lmoqda. Globallashuv sharoitida sivilizasion modernizasiya jarayonlari o`zaro ziddiyatli bo`lgani bois insoniyat sivilizasiyasining inqirozidan dalolat beradi. Ma`lumki, inqirozning asosini global kapital agentlari bo`lmish transmilliy korporasiyalarning g`arazli manfaatlari tashkil etadi. Buning oqibati o`laroq ayrim sivilizasiyalar va dinlarning global tarzda missionerlikka qo`l urishi kuzatilmoqda, ammo ularning siyosati boshqa sivilizasiyalar vakillari yoki “begona”lar uchun zararli deb baholanishi mumkin. Mazkur fikrlar tasdig`i sifatida XVI asrda vujudga kelgan mustamlakachi imperiyalar jahon mustamlaka tizimini paydo bo`lishiga zamin yaratganligini ta`kidlash joiz. Natijada, G`arbning yirik davlatlari mustamlakalarga nafaqat iqtisodiy, siyosiy, balki madaniy gegemonligini ekspansiya qildi. XX asr o`rtalariga kelib dunyoda mustamlaka tuzumlarini inqirozi global missionerlikka bo`lgan ehtiyojni tugatishga zamin yaratdi. Ammo, bugungi kunda G`arb madaniyatining o`z ustunligidan mahrum bo`lganiga ko`nikish hosil qila olmaydigan ayrim radikal guruhlar missionerlikdan voz kechmayotganligi namoyon bo`lmoqda. Xususan, missionerlik tarafdorlari o`zga sivilizasiya resurslarini eskpluatasiya qilish hisobiga iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarning ko`pgina jihatlarida yorqin muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Missionerlik tashkilotlarining strategiyasi

Shu o`rinda missionerlik tashkilotlarining strategiyasiga e`tibor qaratilsa, odatda ular o`z maqsadlarini rasman oshkor etishmaydi. Tashkilot a`zolari go`yoki, o`z g`oyalarini niqoblash maqsadida “bizning maqsadimiz – kambag`allikni umuman yo`q qilish” degan so`zlar ortida aslida esa “hamma ekkanini o`radi”, “bo`lib tashla va hukmronlik qil” deya chiroyli niqoblangan shiorlar ostida faoliyat ko`rsatishi namoyon bo`lmoqda. Aynan, bugungi kunda dunyoda global miqyosda demokratiya o`rnatilishi, insonlarning huquqlarini ta`minlanishi bahonasida missionerlik oqibatida Shimoliy Afrikada, Yaqin Sharqda va Sharqiy Evropa xususan, Ukrainada yuz minglab begunoh insonlarni bevaqt vafot etishiga sabab bo`lganligini ta`kidlash o`rinlidir. Hozirgi kunda dunyo hamjamiyatining tinchligiga raxna solayotgan missionerlik tashkilotlari o`zlarining asl maqsadlarini din manfaatlari bilan niqoblashga urinadi. Shu bois bunday missionerlik guruhlarining va`zlarida Xudo ko`p tilga olinadi. Natijada, xristianlik dini va xususan G`arb loyihasi xalqaro axborot tarmog`ida dunyodagi eng ilg`or, taqlid qilsa arziydigan mafkura sifatida targ`ib qilinadi. Aynan, mazkur omillar, missionerlik jabhasidagi hujum keng miqyosda, chinakam global darajada olib borilmoqda. Bu haqda Rus tadqiqotchisi A. Panarin bundan 15 –20 yil muqaddam missionerlarni “dengiz qaroqchilari” deya atab, ularning faoliyatini obrazli tarzda zabt etish jarayoni sifatida tasvirlagan edi: “quruqlikdagi bosh istehkom, dunyoning asosiga qarshi Bugun Dengiz qit`ani nafaqat jismonan zabt etishni, u qit`a etnosini – ming yillar davomida ishlab chiqilgan va qit`a antropologik qiyofasi uchun javobgar bo`lgan ruhiy-psixologik strukturasini vayron etishni reja qildi. Shu maqsadda qit`a aholisini avtoxtonlar va beshinchi kolonnaga bo`lish operasiyasi olib borilmoqda, beshinchi kolonnadan ko`zlangan maqsad esa dengiz kelgindilariga qit`a qal`asining darvozalarini ochib berishdir. Ko`z oldimizda “elita” (madaniy, siyosiy, xo`jalik yurituvchi) tushunchasining o`zi misli ko`rilmagan darajada o`zgartirib yuborilmoqda G`arbcha kun kechirish imtiyozini, bu imtiyoz ko`pchilikka yopiq ekanligiga qaramay, o`zlashtirayotganlar o`zlarini elita so`zi bilan atay boshlamoqda. Elita bugungi kunda dengiz qaroqchilariga sadoqatliligi, ularning kemasiga o`tib olishga tayyorligi bilan xarakterlanmoqda”,– deya alohida e`tibor qaratib o`tgan edi. Missionerlikda bu o`ziga xos “zabt etish” jarayonining eng ta`sirchan jihatlaridan biri sifatida manfaatlar qadriyatlar ko`rinishida namoyon etiladi. Aynan, globallashuv shiddatining tobora avj olishi dunyo miqyosida geosiyosiy jarayonlarga bevosita ta`sir ko`rsatmoqda. Natijada, mazkur holat dunyo qiyofasini tubdan o`zgartirish orqali muayyan mintaqa va hudud miqyosida geosiyosiy ta`sir doiralarini qayta taqsimlashga bo`lgan harakatlar misolida namoyon bo`lmoqda. Missionerlik go`yoki, dinni targ`ib etish orqali amalga oshirilayotgan targ`ibot aslida siyosiy, iqtisodiy, madaniy jihatdan ekspansiya etishni o`zida aks etadi. 

Missionerlik g`arazli maqsadlarga erishish vositasi

Xorijiy OAVda missionerlik faoliyati o`rganilganda, “ayrim” siyosiy markazlar, maxsus xizmatlar manfaatlari uchun ishlayotganligi haqidagi ma`lumotlar paydo bo`lmoqda. Jumladan, rossiyalik ekspertlar protestantlikka mansub mormonlar cherkovi AQSh maxsus xizmatlari uchun josuslik faoliyati bilan shug`ullanadi, deb hisoblaydilar. Aynan, globallashuv sharoitida dunyodagi “ayrim” siyosiy kuchlarning ba`zi doiralar dindan xususan, missionerlikdan o`zlarining g`arazli maqsadlariga erishish vositasi sifatida mutaassiblik, fanatizm hattoki davlat to`ntarishlari kabi qabih yo`llaridan foydalanayotgani afsuski, hech kimga sir emas. 

Globallashuv jarayonida iqtisodiy inqiroz davrida dunyoda gegemonlik qilishga intilish tobora kuchaymoqda. Bir necha asr oldin koloniyalashtirish xristianlikning shioriga aylangan bo`lsa, hozirda “jahonga kirib borish”, aynan missionerlik harakatlari oqibatida tobora kuchayayotganligi namoyon bo`lmoqda. Axborot-tahliliy tadqiqotlar natijalariga ko`ra, diniy sohaga bevosita daxldor ushbu global hodisalarning tobora chuqurlashib va keng qamrov kasb etib borayotganini ko`rsatadi. 

Bugungi kunda dunyoda vujudga kelayotgan tahlikali vaziyatga baho berar ekanmiz, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarning ko`lami kengayib, geosiyosiy raqobatning oshib borayotgani, g`oyaviy-mafkuraviy ekspansiyaning faollashuvini namoyon etmoqda. 

Mana shunday murakkab sharoitida mamlakat xavfsizligi va jamiyat barqarorligiga, uning manfaatlariga, millat kelajagiga raxna soladigan har qanday kuchga qarshi kurashda biz faqat xalqimizning aql-zakovati, bukilmas irodasi va salohiyatiga, o`z kuch va imkoniyatlarimizga tayanib mafkuraviy tarbiya vositasida doimo ogoh, sezgir va hushyor bo`lish mas`uliyatli muqaddas vazifamiz ekanligini anglash bugungi davr va bugungi zamon taqozo etmoqda.

O`zbekiston qonunchiligida missionerlik haqida qanday fikrlar bor?

Suhbatimiz yakunida fikrlarimizni qonunchilik bilan mustahkamlagan holda, O`zbekistonda missionerlikka berilgan tavsif bilan tanishtirib o`tamiz.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida»gi Qonunga ko`ra, missionerlik — aniq maqsadga qaratilgan mafkuraviy ta`sir o`tkazish orqali shaxsni (bir guruh shaxslarni) o`z diniga kiritish maqsadida unga (ularga) diniy qarashlarni majburan singdirishga va diniy ta`limotni tarqatishga doir faoliyatdir. Ushbu qonunda Davlat konfessiyalarning tinch-totuv yashashiga kafil ekanligi hamda missionerlikni amalga oshirishga yo`l qo`yilmasligi qat`iy belgilangan. Masalan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga muvofiq, bir konfessiyaga mansub dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm) va boshqa missionerlik faoliyati — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.

Javobgarlik masalasi qanday bo`ladi?

Jinoyat kodeksiga muvofiq, bir konfessiyaga mansub dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm) va boshqa missionerlik faoliyati, shunday harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

M. ABDUSAMATOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar