Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.
O`zbekiston rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi "O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Farmonining 5-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida yangi “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Ma`lumotga ko`ra, amaldagi qonun 22 ta modda va 10 ta prim moddadan, ishlab chiqilgan qonun loyihasi esa 7 bob va 46 moddadan iborat.
Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
- Ombudsman o`z oldida turgan vazifalarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qo`shimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, sha`ni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari;
- Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi;
- Ombudsmanning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo`nalishlari bo`yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko`rishga qaratilgan maxsus ma`ruzalar taqdim qilish huquqi;
- Ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakili maqomi;
- jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida "Ombudsman qutisi"ni saqlashning huquqiy mexanizmlari;
- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va himoya qilinishi holati to`g`risida Ombudsman tomonidan jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va mexanizmi;
- Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisga hamda davlat organlariga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi va qator boshqa normalar aks etgan.
Ta`kidlanishicha, ushbu qonun loyihasini tayyorlashda Finlyandiya, Polsha, Bolgariya, Vengriya, Serbiya, Rossiya Federasiyasi, Ozarbayjon Respublikasi, Ukraina, Armaniston Respublikasi, Qozog`iston Respublikasi, Qirg`iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va boshqa davlatlar qonunchiligi atroflicha o`rganilgan.






