2021 yil 15 dekabr kuni soat 6:40da Qibray tumani Qipchoq mahallasi Oydin hayot ko`chasida yashovchi 24 yoshli Q.S. mast holda yashash manziliga etib olish uchun Chirchiq shahar A.Navoiy ko`chasida ko`p qavatli uyning oldida qarovsiz qoldirilgan “Damas 2-DLX”ni olib qochdi. 31 yoshli A.Z., ga tegishli bo`lgan ushbu mashinaning oynasini sindirib, salondagi zaxira kalitni oladi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti bergan xabarga ko`ra, olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida Q.S. transport vositasini olib qochganidan so`ng Chirchiq shahrida “Matiz-mx” rusumli avtomobil bilan to`qnashib ketganligi, biroq yo`l-transport hodisasiga qaramasdan harakatini davom ettirganligini va Chirchiq shahar A.Temur ko`chasida joylashgan 7 qavatli turar joyning oldidagi sim to`siqqa urilishi natijasida, transport vositasini ag`darib yuborib, hodisa joyidan qochib yashirinmoqchi bo`lganida Chirchiq shahar IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Q.S.,ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (avtoulovni olib qochish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, prosessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.






