O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati tomonidan «O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida» kitob-albomi ustida ishlagan bir guruh olimlar hamda ushbu loyihani qo`llab-quvvatlagan rasmiy shaxslar "Kelajak uchun meros" mukofoti hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, tadbirda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev, bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov, O`zbekiston Qahramoni Ibrohim G`afurov, O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov hamda bir guruh olimlar, muzey rahbarlari ishtirok etishdi.
O`zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash va ommalashtirish davlatimiz siyosatining asosiy yo`nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimizda madaniy merosni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash bo`yicha keng ko`lamli loyiha va tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Butunjahon jamiyati O`zbekistonning boy va serqirra madaniyatini o`rganish yo`lida fidokorona mehnat qilayotgan dunyoning yuzlab taniqli olimlarini birlashtirdi. Va ular ko`magida o`zbek san`atining jahon va mahalliy to`plamlarda saqlanayotgan durdonalariga bag`ishlangan «O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida» turkumidagi 50 tomdan iborat noyob kitob-albomi yaratildi.
"Kelajak uchun meros" mukofoti quyidagi yo`nalishlar bo`yicha o`z egalariga topshirildi:
1. “Madaniyatni rivojlantirish, O`zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash, o`rganish va ommalashtirish g`oyalarini targ`ib qilish va qo`llab-quvvatlashga qo`shgan hissasi uchun”;
2. “O`zbekiston tarixi, arxeologiyasi va san`ati tarixini o`rganish sohasidagi ko`p yillik xizmatlari uchun”;
3. “O`zbekiston qo`lyozma merosini, epigrafik me`moriy yozuvlarni saqlash va o`rganishga qo`shgan hissasi uchun;
4. “Rassom va vaqt”;
5. “O`zbekiston madaniy merosi” turkumiga oid kitob-albomlar mualliflari;
6. “O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan hujjatli filmlar turkumi uchun”;
7. “O`zbekiston fan va madaniyatini ommalashtirishga qo`shgan hissasi uchun”.
Tadbir davomida davlat va jamoat tashkilotlari kutubxonalariga ham ushbu kitob-albomlari taqdim etildi. Loyihaning bosh homiylari Eriell Group va Enter Engineering kompaniyalari.