1

28,5 million so`m kredit bilan biznes boshlagan qoraqalpoq tadbirkori “Yil ayoli”ga loyiq topildi

Jamiyat 25.12.2021, 22:03
Teglar: Qoraqalpog`iston
28,5 million so`m kredit bilan biznes boshlagan qoraqalpoq tadbirkori “Yil ayoli”ga loyiq topildi

Bir qadar mahzun, kontrastlarga boy, ammo toshni yorib chiqqan maysadek umidbaxsh “Tengiz” filmini ko`pchilik tomosha qilgan. Tengiz obrazi prototopi Manzura Erniyazova esa Qoraqalpog`istonning Mo`ynoq shahrida yashaydi. Ko`p yillar burun baxtsiz hodisa tufayli bir oyoq-qo`lidan ajralgan Manzura opa inson irodasini cheklab bo`lmasligi, odamzot o`z botiniy quvvatini jamlab olsa, o`z taqdirini, o`z hayotini o`zgartirishga qodir ekanini hayotda isbotlab kelayotgan metin ayol. Bir paytlar ishni bir qo`lda milliy liboslar tikishdan boshlagan Manzura opa Prezident Xalq qabulxonasi ko`magi bilan bugun o`z kichik korxonasiga, kiyimlarni kimyoviy tozalash uskunasiga, eng asosiysi o`zi ishiga va daromad manbaiga ega.

Shu bois ham uning matonati tasvirlangan Tengiz obrazi bugun nafaqat nogironligi bor, balki to`rt muchasi sog` bo`la turib og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ko`plab insonlarga-da qo`shimcha motivasiya bergani rost. Shu bois Tengiz obrazi hayotning og`ir mashaqqatlarini engib o`tib, davlatimiz yordami bilan katta yo`lga chiqib olgan, o`zi uchun barqaror rizq-nasiba manbaini o`zi bunyod etayotgan Inson timsoliga ham aylangan.

Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi, aholi muammolari bilan ishlashning aniq mexanizmi, Xalq qabulxonalari va sektorlar hamkorligi tufayli bugun ijtimoiy himoyaga muhtoj ming-minglab insonlar xuddi Tengiz kabi o`zining kichik, mo``jaz qut-baraka manbaini barpo qilmoqda. Orolbo`yining eng olis, chekka ovullarida bo`lganimizda, abgor turmush mashaqqatlarini engib o`tayotgan ko`plab tengizlarni uchratdik. Ularning qismat yo`llari chigal-u turfa bo`lsa-da, manzili birdek yorug`. Bu insonlarni davlat qo`lloviga tayanch, ertangi kunga ishonch va albatta farovon hayotga intilish, niyat, so`z va amal yakdilligi birlashtirib turibdi.

Mavzuni davom ettirishdan avval bir oz tahlillarga murojaat qilsak. 2020 yili va 2021 yilning 11 oyi davomida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Orolbo`yi aholisidan 98,9 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo`lib, ularning 68 ming 610 dan ziyodi yoki 71 foizi qanoatlantirilgan. Sohalar kesimida tahlil qilinsa, eng ko`p murojaatlar ish bilan ta`minlash, ijtimoiy nafaqa belgilash, bank kreditlari ajratish masalasidadir. Bu uch masalaning ildizi bitta – barqaror daromad manbaining yo`qligi. Oqibati esa ma`lum – yo`qchilik, kambag`allik.

Shu bois Orolbo`yida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning o`zini o`zi eplab ketishi, doimiy ish o`rni va rizq-nasiba manbaiga erishishi uchun tizimli ishlar olib borilmoqda. 2020 yili va 2021 yilning 11 oyida virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga Orolbo`yi aholisidan bank krediti olish masalasida kelib tushgan qariyb 5,2 ming murojaatning 1,99 mingdan ziyodi hal qilingan. Shu davrda “Har bir oila tadbirkor” dasturi bo`yicha 30 ming 848 ta loyihaga 840 milliard 832 million so`mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Aynan shunday kreditlardan oqilona foydalana olgan inson – bu beruniylik Nigora Qo`ziboeva. U ham, taqdir ekan, 9 yil avval turmushdan ajragach, ikki farzandini ulg`aytirish, ro`zg`or tebratish mashaqqatini elkasiga oldi. Avval uyda tikuvchilik qildi, chevar sifatida tanildi. So`ng tikuvchilik korxonasi ochish masalasida yordam so`rab murojaat qildi. Murojaatidan keyin bu ayolga o`zi yashayotgan Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig`ini binosidan bir xona beg`araz ajratildi, 28,5 million so`m kredit berildi. Nigora bu pulga tikuv mashinalari sotib olib, shu yil avvalida ish boshladi, 6 nafar xotin-qizni ishli qildi. Mas`ullar hamisha uning faoliyatini o`rganib, muammolarini hal qilishda yordam berib bordi.

Hozir mo``jaz korxonada barcha fasl uchun liboslar tikilmoqda. Bu erda oddiy ayollar ko`ylagidan to kurtka-yu paltogacha topish mumkin. Nigora Qo`ziboeva ishning ko`zini bilgani uchun ham bu yil “Yil ayoli” milliy tanlovining Qoraqalpog`iston Respublikasi bosqichida “Eng faol ishbilarmon ayol” nominasiyasi g`olibi bo`ldi. Ishlari yurishib ketgan ayol yaqinda er ham sotib oldi. Ikki qavatli tikuvchilik korxonasi qurish uchun poydevor tashlatdi.

To`rtko`llik 31 yoshli Gulnoza Bekchanova anchadan beri bichish-tikish bilan shug`ullanardi. Buyurtmalar ko`paygach, ishini kengaytirmoqchi bo`ldi-yu, imkon topolmadi. Birgina murojaat Gulnozaxonning nainki muammolarini echib berdi, balki uni kattaroq maqsadlarga ham undadi.

Yaqinda Gulnozaxonga murojaatidan so`ng ajratilgan 33 million so`m kredit evaziga o`z uyida kichik tikuvchilik sexi tashkil qilib berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 5-6 nafar xotin-qiz shu erda ishli bo`ldi, o`nlab ayollar esa hunar o`rganmoqda. Ular asosan zamonaviy parda, dasturxon va ko`ylaklar tikmoqda. Uning aytishicha, olinajak daromad hamma xarajat – maosh-u kredit to`lovi, hatto ro`zg`or kamini to`ldirishga ham bemalol etmoqda. Bir harakatga o`n barakat deganlari shu bo`lsa kerak.

Surxondaryolik eksportyor hunarmand Jumagul Yormatova esa yaqinda Ellikqal`a tumaniga kelib, Xalq qabulxonasi va sektorlar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta`minlash bo`yicha kattagina loyiha boshlaganiga guvoh bo`ldik. Bu ayol o`n yildan beri Surxondaryoda ipak, paxta tolasi, qo`y va tuya yungidan kalava olib, gilam tayyorlaydi. Ularga ro`yan ildizi, za`faron urug`i, piyoz, yong`oq va anor po`stloqlari bilan rang beriladi. Yuz foiz tabiiy mahsulotdan tayyorlangan gilamlar asosan Germaniya, Fransiya, Rossiya, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinadi. 

Jumagul opaning korxonasi bir oyda o`rtacha 300 kvadrat metr gilam tayyorlashga ulgurmoqda, xorijdagi hamkorlar esa oyiga ming kvadrat mahsulot so`rab turibdi. Shuning uchun ham opa joriy yilning o`zida Ellikqal`ada kamida 200 ta xotin-qizning o`z uyida shu ish bilan band bo`lishini ta`minlashni maqsad qilgan.

Beruniylik 27 yoshli Enajon Matdurdieva ayollar uchun bir oz noodatiyroq kasb – temirchilik bilan shug`ullanib ikki farzandini ulg`aytirmoqda. U ishni avval temir darvozalarga bo`yoq sepishdan boshlagan. So`ng temir kesish-u payvandchilikni ham o`rgangan. Enajonning murojaatidan so`ng unga payvandlash uskunasi olib berildi, kredit ajratildi va u yaqinda mana shu bir xonada o`zining kichik sexini tashkil qildi.

Enajon yonidagi boshqa ustalarning ham darvoza-eshiklarini bo`yoqlab berib, oyiga 3-4 million so`m ishlab topadi. Aytishicha, bu mablag` unga etib turibdi. O`zi yasagan mahsulotlardan kelgan daromadga esa yana temir xomashyosi sotib olib, eshik-darvozalar turini ko`paytirmoqda. Asosiy maqsadi – shu yo`nalishda o`zining katta korxonasini tashkil qilish. 

63 yoshli Oygul Abdullaeva esa To`rtko`lning “Shodlik” mahallasida yashaydi. O`tgan yili bu ayolning o`zi ham ishsiz, doimiy daromad manbai-da yo`q edi. Uning ham murojaatidan so`ng, uyida issiqxona qilishi uchun sharoit yaratib berildi, yordam ko`rsatildi, kredit ajratildi. Ayol dastlab 3 sotixcha erda issiqxona qurib, gul parvarishlashni boshladi. Gullar turi-yu sonini ko`paytirdi. Hozirda mana shu mo``jaz issiqxonada 100 turdan ziyod gul barq urib turibdi. Davlatimiz yordami bilan boshlangan o`zi kichik issiqxona bamisoli rizq-barakaning qaynar xumchasiga aylangan: bir tomondan gul pulga aylanaveradi, yana gullar o`saveradi. Shuning uchun bu yil Oygul opa yana 2,5 sotix erda issiqxona qurdirdi: hozirda sarimsoq, ukrop, pomidor-bodring va boshqa ko`katlar ekilgan. Muhimi, ayolning o`zi ham, kelini-yu qizi ham o`z uyida ishli bo`ldi, doimiy rizq-baraka manbaiga erishdi.

Ha, davlat qo`lloviga tayanch har bir insonning ertangi kunga, adolat va haqiqat kuch-qudratiga ishonchini yanada mustahkamlaydi. Davlatimiz rahbari asos solgan Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasiga asos bo`layotgan “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini amalda qaror toptirish, aholi muammolari bilan eng quyi bo`g`inda ishlash, har bir oilaga, har bir inson qalbiga kirib borish yo`lidagi xalqchil islohotlardan ko`zlangan maqsad esa bitta: Inson qadri uchun kurashish! Xalq roziligini, xalq ishonchini esa faqat va faqat amaliy ishlar bilangina qozonish mumkin.

Sharhlar

Qoraqalpog`istonda "Nexia-3" va yuk mashinasi ishtirokida dahshatli YTH sodir bo`ldi, 5 odam halok bo`lgan (video)

06.02.2023, 13:36

Qoraqalpog`iston Respublikasi Qo`ng`irot tumanida Nexia-3 va yuk mashinasi ishtirokida oxiri o`lim bilan yakunlangan YTH sodir bo`ldi. Bu haqda Qoraqalpog`iston IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.Ma`lum qilinishicha,...
Norov Qoraqalpog`istondagi tartibsizliklar paytida ko`rsatgan yordami uchun Rossiyaga minnatdorlik bildirdi

12.07.2022, 13:48

O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qoraqalpog`istondagi tartibsizliklar paytida Rossiyaga respublikani qo`llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda Rossiya TIV bayonot berdi, deya yozmoqda Ria NOVOSTI."Rossiya...
Qoraqalpog`istonda bir guruh yigitlar 20 yoshli qizni olib qochdi (video)

06.02.2022, 11:27

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog`istonda 4 fevral kuni bir guruh yigitlar 20 yoshli qizni kuch ishlatib, olib qochgani aytilgan video tarqaldi.Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV Axborot xizmatining xabar berishicha,...
Qoraqalpog`istonda migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirishda fuqarolardan 5 mln so`m ortiqcha jarima undirilgan

23.09.2021, 12:54

Qoraqalpog`istonda Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirishda fuqarolardan 5 mln so`m ortiqcha jarima undirilgan.Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsman) xabar bermoqda.Aniqlanishicha, fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida 2020–2021 yillar...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1