Har Olimpiya siklida deyarli barcha sport turlarida qonun-qoidalarga o`zgartirishlar kiritiladi. Bu borada Xalqaro dzyudo federasiyasi ham qoidalarga kichik o`zgarishlar qilishga qaror qilgan.
Federasiya saytida Parij-2024 Olimpiada sikli uchun yangi qoidalar haqida videodastur chop etildi. Unda IJF hakamlar supervayzeri va sharhlovchisi Neyl Adams batafsil tushuntirish bergan.
Masalan,
- Hujumga o`tgan dzyudochi usulni bajarishda tanaffussiz harakatni oxiriga etkazsa, doimgidek baho beriladi. Biroq baho keltirilmagan harakatdan so`ng erdagi raqibga boshqa usul qo`llash bundan buyon ochko keltirmaydi.
- Usulga tushib qolgan dzyudochi yiqilayotganda tirsagi yoki qo`lini matga qo`yib olsa, raqibiga baho berilishi barbarida o`ziga shido (ogohlantirish) ham ko`rsatiladi.
- Dzyudochilar tilida aytganda, koreys yoki mo`g`ilcha yo`nalishdagi seo-nagi usulini bajarish ham taqiqlanib, bunday usulga o`tgan vakilga shido beriladi.
- Kurash vaqtida raqibning kimonodan ushlash holatini uzsayu, o`zi darhol hujumga o`tmasa, shido ko`rsatiladi.
- Bellashuv vaqti kiyim va sochlarni tartibga keltirib olish uchun qo`shimcha 1 marotabadan ruxsat beriladi. Ikkinchi va uchinchi shunday urunishlar vaqt cho`zishga urunish deb hisoblanib, bu ishni qilgan dzyudochi shido bilan jazolanadi.
Bu yangi qoidalarning ba`zi e`tiborlilari. Bu haqida batafasil Xalqaro dzyudo federasiyasining rasmiy saytida tanishib olish mumkin. Mazkur o`zgarishlar 26-28 yanvar kunlari Portugaliyaning Odivelash shahrida o`tadigan Gran-pri musobaqasidan boshlab Parij-2024 sikli yakunigacha amal qiladi.






