Har yili 4 yanvar sanasi Brayl alifbosi kuni sifatida nishonlanadi. U BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2018 yilda e`lon qilingan. 2019 yildan buyon ko`zi ojizlar alifbosini yaratgan Lui Brayl tug`ilgan kunida ushbu sana maxsus kun sifatida o`tkazib kelinmoqda. Shuningdek, bu ko`zi ojizlar va zaif ko`ruvchilarning inson huquqlarini to`liq himoya qilishga qaratilgan dastur bo`lib xizmat qilmoqda.
Ma`lumot uchun, Lui Brayl 1809 yil 4 yanvarda Kuvr shahri(Fransiya)da tug`ilgan. U uch yoshida baxtsiz hodisa tufayli ko`r bo`lib qoladi. O`zining ajoyib xotirasi tufayli maktabda o`qish imkoniyati paydo bo`ladi va 1819 yilda Parijdagi ko`r bolalar qirollik institutida ta`lim oladi.
Bu orada, 1821 yilda fransuz Sharl Barbe relef yozishni o`rgatishning yangi versiyasini taklif qiladi. Ushbu shrift Institutda chiziqli relef tizimi bilan parallel ravishda o`qitish uchun qabul qilingani aytiladi. Ma`lumotlarga ko`ra, Barbe shrifti fonetik skript bo`lib, unda har bir tovush ikkita vertikal ustunda guruhlangan 12 nuqta birikmasidan hosil bo`lgan belgi bilan ifodalanadi. Ushbu tizimning katta kamchiliklari shundaki, har bir alohida belgi, ko`p sonli nuqtalar tufayli, barmoq yostig`i ostiga sig`maydi. Har bir belgi barmoqni yuqoridan pastga siljitish orqali o`qilishi kerak edi.
1828 yilda Lui Brayl institutni tugatgandan so`ng, u erda geografiya, algebra, keyin esa musiqadan dars bera boshlaydi va bir vaqtning o`zida Parij cherkovida organist bo`lib ishlaydi.
Shu bilan birga, u o`zining bo`rtma-nuqta yozish tizimi ustida ish olib boradi. 1829 yilda Braylning «Nuqtalar yordamida so`z, musiqa va qo`shiq yozish usuli» asari Parijda alohida risola sifatida nashr etilgan. Uning ikkinchi nashri 1837 yilda chiqadi. Brayl alifbo va raqamli belgilarning teginish bilan ifodalanishi bo`lib, barcha harflar va raqamlarni, hatto musiqiy, matematik va ilmiy belgilarni etkazish uchun olti nuqtadan foydalanadi. Olti nuqta taxminan olti millimetr balandlikda, nuqtalar orasidagi masofa ikki millimetrga teng. Tizim 64 ta mumkin bo`lgan kombinasiyani taqdim etadi. Bitta olti nuqta bitta belgiga mos keladi.






