Kimyo-texnologiya sohasidagi yirik olim, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Saydiahrol To`xtaev 2022 yil 3 yanvar kuni 79 yoshida vafot etdi.
S.To`xtaev 1942 yil 1 sentyabrda Toshkent shahrida tug`ildi. 1963 yili Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, mehnat faoliyatini Respublika azot sanoati davlat institutining Chirchiq filialida (hozirgi “O`zkimyosanoatloyiha” aksiyadorlik jamiyati) muhandis-texnolog sifatida boshladi, keyinchalik O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kimyo instituti aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so`ngra doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 2000 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.
Iste`dodli olim o`zining qariyb 60 yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kimyo institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, ilmiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari, O`g`itlar institutida laboratoriya mudiri, bo`lim boshlig`i, Umumiy va noorganik kimyo institutida laboratoriya mudiri, loyiha rahbari va bosh ilmiy xodim lavozimlarida samarali mehnat qilib, yurtimizda noorganik kimyo sohasining rivojiga, shu yo`nalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo`shdi.
S.To`xtaev rahbarligida o`nlab fan nomzodi va fan doktorlari tayyorlandi.
Zahmatkash olim noorganik kimyo fanining nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan yuzlab ilmiy maqolalar, bir qancha monografiya, ko`plab ishlanma va patentlarning muallifi sifatida mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi o`rtasida hurmat-e`tibor qozondi.
Ayniqsa, uning rahbarligida superfosfat, kaliy sulfat kabi mineral o`g`itlar tayyorlashning ilmiy asoslari ishlab chiqilgani respublikamiz qishloq xo`jaligi rivojida muhim ahamiyatga ega bo`ldi.
Akademik S.To`xtaevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan ixtirochi va rasionalizator” faxriy unvoni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Saydiahrol To`xtaevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.