2021 yilning 11 dekabr kuni tungi soat 02:30larda bir guruh noma`lum shaxs (yuziga niqob va qo`liga qo`lqop kiygan holda temir moslama bilan qurollanib) Nurafshon shahar markazida o`rnatilgan “Poytaxt bank” AJga qarashli bankomatlarning biriga hujum qilgan.
Ma`lum bo`lishicha, ular kodli seyfni buzish orqali bankomat ichidan jami 19 mln 433 ming so`m miqdoridagi pullarni olib (bankomat ichida yana 180 mln so`m pul bo`lgan), voqea joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan Nurafshon shahar IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida ushbu jinoyatni – O`rta Chirchiq va Bektemir tumani hamda Nurafshon shahrida yashovchi 22-24 yosh orasidagi 5 nafar shaxs sodir qilganligi aniqlanib, ular O`zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Surishtiruv davomida ushbu shaxslar 13 dekabr kuni ham shahar markazidagi oziq-ovqat do`konini oldiga o`rnatilgan “Paynet” to`lov terminalini buzib, ichida bo`lgan pulni olmoqchi bo`lganligi biroq ularning bu harakati natija bermagani aniqlangan.
Jinoyatni sodir etgan shaxslar tomonidan foydalanilgan buyum va daliliy ashyolar belgilangan tartibda olinib, Nurafshon shahar IIB Tergov bo`limi tomonidan ushlangan shaxslarga nisbatan JKning 25-, 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.