O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to`g`risida farmon imzoladi.
Unga ko`ra Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining o`zbek filologiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o`zbek tili va adabiyoti fakultetlari hamda Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etiladi.
Universitet hozirgi tez o`zgarayotgan globallashuv davrida o`zbek tili va adabiyotining o`ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog`liq masalalarni chuqur o`rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta`lim-tarbiya tizimining barcha bo`g`inlarida o`zbek tili va adabiyoti fanini o`qitishning hamda ushbu soha bo`yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida tashkil etiladi.
Universitet tarkibida 3 ta fakultet: o`zbek filologiyasi, o`zbek tili va adabiyotini o`qitish, o`zbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, O`zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Universitet tarkibiga o`tkazilib, uning negizida O`zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etiladi.
Universitetda o`quv jarayoni 2016/2017 o`quv yilidan boshlab tashkil etiladi.