Osiyo futbol konfederasiyasi talabi asosida har yili erkaklar jamoalari lisenziyalash jarayonidan o`tkazadi.
O`zbekiston Osiyoda birinchilardan bo`lib ayollar jamoalarini ham lisenziyalashdan o`tkazishni yo`lga qo`ydi. Xususan, ortda qolgan 2021-yilda Osiyoda ilk bora ayollar jamoalari ham sinov tariqasida lisenziyalashdan o`tkazildi. O`zPFL OFKning qit`ada ayollar futbolini rivojlantirish bo`yicha qilinayotgan mazkur tashabbusini qo`llab-quvvatladi va OFKning so`roviga ijobiy javob bergan holda, kam sonli mamlakatlar qatorida O`zbekiston ayollar Oliy ligasi jamoalari ilk bora lisenziyalashga ariza topshirishdi. Bunda 11 ta klub – Oliy liganing 10 ta ishtirokchisi va ko`ngilli tarzda Birinchi liganing “Dinamo-W” jamoasi OFKning onlayn platformasi – AFC CLASga 5 asosiy tamoyil: sport, infratuzilma, ishchi-xodimlar, huquqiy, moliyaviy mezon bo`yicha zarur hujjatlar to`plamlarini yuklab borishdi.
Yakunda, 2 ta klub – Jizzaxning “So`g`diyona-W” hamda Toshkentning “Bunyodkor-W” jamoalari OFK lisenziyasini qo`lga kiritishdi. Bu haqda O`FA matbuot xizmati xabar berdi.
Qit`a futbol uyushmasining rejasiga ko`ra, 2022-yildan e`tiboran ayollar jamoalarini lisenziyalash jarayoni barcha qolgan a`zo davlatlarda ham qat`iy tatbiq etiladi. Boisi 2023-yildan boshlab ayollar jamoalari o`rtasida to`laqonli Osiyo Chempionlar ligasi tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda va ushbu musobaqada kelasi yildan faqat lisenziya oladigan klublargina ishtirok etadi.