1

Dunyo olimlari “tvindemia” xavfidan ogohlantirmoqda

Dunyo 18.01.2022, 11:49
Dunyo olimlari “tvindemia” xavfidan ogohlantirmoqda

Dunyoda epidemiologik vaziyat barqarorlashishi yana ortga surilishi mumkin. Bir tomondan koronavirus pandemiyasining yangi to`lqini avj olmoqda. Qator davlatlarda kunlik kasallanish ko`rsatkichlari rekord darajaga etyapti.  

Koronavirusning “omikron” shtammi, ayniqsa Evropa mamlakatlarini ancha “holdan toydirdi”. Biroq, olimlarning aytishicha, qit`a aholisini oldinda yana bir og`ir sinov kutib turibdi. Bu — gripp infeksiyasi.

Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu xastalik tufayli har yili jahonda 650 mingga yaqin odam hayotdan ko`z yumadi. Shunga qaramay, o`tgan yili Evropada gripp virusi nisbatan kam tarqaldi.  

Chunki avvalgi kuz-qish mavsumlarida mintaqada pandemiya cheklovlari hozirgiga qaraganda ancha qat`iy edi. Odamlar tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash va shaxsiy gigiena qoidalariga og`ishmay amal qilayotgandi. Buning ustiga, o`z-o`zini izolyasiya qilish talablari kuchaytirilgandi.  

Ammo koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash ko`rsatkichlari osha boshlagach, karantin talablari yumshatildi, qator cheklovlar bekor qilindi. Bu esa aholi o`rtasida gripp xastaligi keng tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltirdi.  

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish bo`yicha Evropa markazi (ECDC)ning xabar berishicha, o`tgan yil dekabr oyi o`rtalaridan boshlab Evropada gripp viruslari kutilganidan ko`ra ancha tez tarqala boshladi.  

Ushbu markaz bosh eksperti Pasi Penttinenning fikriga ko`ra,  mintaqada yashovchilar yozgacha cho`zilishi mumkin bo`lgan g`ayrioddiy “davomli gripp” mavsumi bilan yuzma-yuz kelishlari mumkin.

Fransiya Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatning uch viloyati, jumladan, Parij aholisi allaqachon gripp to`lqiniga duch kelgan. Boshqa hududlar ham shunday epidemiya arafasida. Shu sababli olimlar ikki karra pandemiya, ya`ni “tvindemia” xavfidan ogohlantirishmoqda.

“Ahvol yomonlashib ketsa, bu yil tarqalayotgan grippning dominant shtammi — H3 A virusi ko`proq keksalar orasida eng og`ir holatlarga sabab bo`ladi” deyishmoqda mutaxassislar.

Shunday murakkab bir vaziyatda “omikron” bilan bog`liq xavotirlar hanuz bosilgani yo`q. Shvesiya akademik laboratoriyasida uch bemorda ushbu shtammning yangi mutasiyasi aniqlandi.

“Omikron”ning bu turiga BA.2 deb nom berilgan. Qayd etishicha, hozir yangi mutasiya Skandinaviya davlatlarida juda faol tarqalmoqda. Masalan, BA.2 varianti allaqachon Daniya va Norvegiyada ham aniqlangan.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1