O`zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarilmoqda

Jamiyat 18.01.2022, 13:08
O`zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarilmoqda

 Mudofaa sanoati davlat qo`mitasi tasarrufida Uchuvchisiz aviasiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi. Mazkur Markaz tomonidan xalqaro texnik talab va standartlarga to`liq javob beradigan “LOChIN” nomli uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Bu haqda Mudofaa sanoati davlat qo`mitasi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Ikki hil maqsadda foydalanishga mo`ljallangan mazkur milliy loyiha Markaziy Osiyoda ilk bor O`zbekistonda o`zlashtirildi va yo`lga qo`yildi.

Markaz uchuvchisiz aviasiya majmualarini ishlab chiqarish, yig`ish, ta`mirlash va texnik xizmat ko`rsatish uchun zarur yig`uv jamlanmalari, texnologik va maxsus uskunalar, tekshirish (test laboratoriya) moslamalari kabi texnologik jihozlar bilan to`liq ta`minlandi. Mudofaa sanoati davlat qo`mitasi tomonidan Markazni yosh kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, etakchi xorijiy davlatlarda stajirovkasini tashkil etish va malakasini oshirish yo`li orqali uchuvchisiz aviasiya sohasidagi mutaxassis kadrlar bilan butlash amalga oshirilmoqda.  

Milliy brend ostida ishlab chiqilgan samolyot va kvadrokopter turidagi “LOChIN” uchuvchisiz uchish apparati bir qancha maqsadlarda foydalanishga mo`ljallangan bo`lib, razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, ma`lumot olish, artilleriya o`t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajarish bilan bir qatorda qishloq xo`jaligi, neft va gaz, o`rmon xo`jaligi, temir yo`llar, geologiya, qidiruv sohalarida kartografiya, topogeodeziya, ekinlarni defoliasiya qilish, qo`riqxonalarni, yo`llarni, ijtimoiy infratuzilma hamda muhim obektlarni kuzatib borish va boshqa maqsadlarda foydalanish imkoniyatini beradi.

Markaz tomonidan strategik darajada qo`llaniladigan uchuvchisiz aviasiya majmualarini ishlab chiqarishni tashkil etish hamda uchuvchisiz aviasiya sohasini innovasion rivojlantirish bo`yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini shakllantirish yo`nalishlarida istiqbolli loyihalar olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1