1

XTV maktablarda geografiya fani dars soatlari qisqartirilishiga nisbatan bo`layotgan noroziliklarga javob qaytardi

Jamiyat 18.01.2022, 15:08
XTV maktablarda geografiya fani dars soatlari qisqartirilishiga nisbatan bo`layotgan noroziliklarga javob qaytardi

Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda geografiya fani dars soatlarining qisqartirilishi keng muhokama qilinmoqda. Xalq ta`limi vazirligi mazkur muhokamalarga munosabat bildirdi. 

Ma`lum qilinishicha, Milliy o`quv dasturiga ko`ra, 2022-2023-o`quv yilidan boshlab, 1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinishi belgilangan (O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 avgustdagi PQ 4805-sonli qarori).

Yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo hamda astronomiya fanlari bo`yicha o`quvchilarning dastlabki ko`nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Endilikda bu fanlarga oid bilim va ko`nikmalar o`quvchilarda 1-sinfdan boshlab shakllantiriladi. Milliy o`quv dasturi doirasida o`quvchilarda “Tabiiy fanlar” fani orqali shakllanishi lozim bo`lgan bilim va ko`nikmalar har bir sinf kesimida belgilandi.

O`quvchilar boshlang`ich sinflarda etarli ko`nikma va malakaga ega bo`lishlari uchun, xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars soatlarini boshlang`ich sinflarda ko`paytirishga ehtiyoj tug`ildi. Shu munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o`tiladigan (jami 6 soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari o`rniga yagona, haftasiga 3 soatlik “Tabiiy fanlar” kiritildi.

O`z navbatida, qolgan haftalik 3 soat “Tabiiy fanlar” doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga o`tkazildi. Ya`ni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat qo`shib berildi.

Maktabda geografiya fanidan berilishi zarur bo`lgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yo`q.  

Boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular “Tabiiy fanlar”ga singdirilgan, umuman dasturda esa, geografiya faniga oid mavzular 291 ta mavzudan 387 ta mavzuga, ya`ni 96 ta mavzuga ko`paygan.

Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yo`qolish xavfi ostidagi xulosalar, asossiz.

Jahon tajribasida qanday?

“Tabiiy fanlar” jahondagi aksariyat rivojlangan davlatlarda o`qitiladi. Xususan, Buyuk Britaniya tajribasi o`rganilganida, tabiiy fanlar 1-6-sinflarda integrasiya qilingan holda, yagona fan sifatida o`qitiladi.

Tabiiy fanlarning quyi sinflarda qo`shib o`qitilishi o`quvchiga olamni bir butun tasavvur qilish, fanlarga oid mavzular kesimida loyiha ishlarini amalga oshirib, tadqiqotchilik ko`nikmalarini rivojlantirish, o`quvchilarning faolligini oshirish, tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini yaxshilash, ularni ijodkorlikka yo`naltirishga xizmat qiladi.

Milliy o`quv dasturi doirasida ta`lim mazmunida amalga oshirilayotgan bu kabi o`zgarishlar iqtisodiyot sohalariga xalqaro andozalar asosida mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo`lgan ko`nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashi bilan o`quvchilar uchun manfaatlidir.

Yangi fan kiritilishi o`qituvchilarga qanday imkoniyat yaratadi?

Milliy o`quv dasturida aynan Geografiya fani haftalik 8 soat dars o`tishlishi belgilangan. Shu o`rinda alohida qayd etish lozimki, geografiya fani o`qituvchilarida “Tabiiy fanlar” yo`nalishi bo`yicha qisqa muddatli qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan taqdirda, 11 soat dars berish imkoniyati paydo bo`ladi (natijada, amaldagi haftalik 10 soat o`rniga, 11 soat berishlari mumkin).

Shu bilan birga, Vazirlik dasturni xalqaro talablar asosida zamonaviylashtirish bo`yicha o`z oldiga qo`yilgan vazifalarni inobatga olgan holda, o`quvchilarda iqtisodiy bilimlarni yanada oshirish maqsadida qo`shimcha soat ajratish bo`yicha imkoniyatlarni o`rganmoqda.

Mazkur yo`nalishda qo`shimcha dars joriy qilinsa, bu ham geografiya o`qituvchilari uchun qo`shimcha imkoniyat bo`ladi, deyiladi vazirlik xabarda. 

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1