"Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish haqida"gi Qonun qabul qilindi. Bu haqda Rasul Kusherbaev ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, yangi qonunga ko`ra:
- Ishlab chiqaruvchi(ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko`rsatish qoidalari to`g`risidagi ma`lumot iste`molchiga davlat tilida taqdim etiladi;
- tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun naqd pulsiz shaklda haq to`langanda, iste`molchilarga rag`batlantirishlar berilishi mumkin;
- tovarlarni kreditga sotib olish to`g`risidagi shartnoma bekor qilinganligi munosabati bilan tovar qaytarilgan taqdirda, tovar qaytarilguniga qadar shartnoma bo`yicha iste`molchi tomonidan to`langan pul summasi unga qaytarib beriladi, shuningdek kredit olish bilan bevosita bog`liq bo`lgan barcha harajatlarning hamda kredit bo`yicha hisoblangan foizlar summasining o`rni qoplanadi;
- shartnomaga iste`molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritish, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik ta`qiqlanadi.
"Qonunda yana qo`shimcha bir qator qo`shimchalar kiritilgan bo`lib, ular aytish mumkinki, to`liq iste`molchi manfaatlari uchun xizmat qiladi"-deydi deputat.






