2021 yil davomida respublika bo`yicha jami 2.345 ta jinoyat ishi bo`yicha 2.804 nafar mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 16 nafari respublika, 241 nafari viloyat va 2.547 nafari tuman (shahar) miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 1.741 nafari o`zganing mulkini o`zlashtirish va rastrata yo`li bilan talon - toroj qilish, 269 nafari firibgarlik, 153 nafari pora olish, 168 nafari mansab mavqeini suiiste`mol qilish, 42 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 41 nafari mansab soxtakorligi, 12 nafari pora berish va 378 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etishgan.
Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 913,7 mlrd. so`m miqdorida moddiy zarar etkazilgan bo`lib, tergov jarayonida ushbu zararning 714,8 mlrd. so`mi undirilgan.