Prezident topshirig`iga binoan elektr energiyasi ta`minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo`yicha Bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma`lum qildi
Komissiya tomonidan birinchi navbatda generasiya jarayonini tiklash hamda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlariga kuchlanish berish orqali iste`molchilarning elektr ta`minotini tiklash vazifasi qo`yilgan.
Ta`kidlanishicha, O`zbekiston elektr ta`minoti tizimi Markaziy Osiyo elektr energetika tizimi bilan parallel ravishda ishlaydi. Umumtizimning ma`lum bir hududida kuzatilgan nosozliklar boshqa hududlarni avariyadan saqlab qolishi, yoki aksincha, uning barqaror ishiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Avariyaga qarshi releli himoya va avtomatika tizimi energotizim barqarorligi uchun amalga oshiriladigan texnik-muhandislik holati bo`lib, u tizimda turli nosozlik hamda yong`inlar chiqishining oldini oladi.
" - Hozirgi vaqtda Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xodjikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpog`iston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Farg`ona viloyatidagi Farg`ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan.
Ayni paytda respublikamiz hududlarida elektr energiyasi ta`minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda.
Nosozliklar bartaraf etilayotgani haqida qo`shimcha ravishda axborot berib boriladi," - deyiladi vazirlik xabarida.






