Savolim shundan iboratki, men farzandim uchun sobiq turmush o`rtog`imdan aliment olaman. Sobiq turmush o`rtog`im 2 yil avval Rossiya davlatiga ishlashga ketgan. To`laniyotgan aliment so`mmasi etmayapti. Shuni ko`paytirsam bo`ladimi?
AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O`rinboeva aholidan kelgan muhim murojaatlarga javob qaytardi.
"O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 99-moddasiga asosan agar voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish haqida ota-ona o`rtasida kelishuv bo`lmasa, ularning ta`minoti uchun aliment sud tomonidan: ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining:
- bir bola uchun — to`rtdan bir qismi;
- ikki bola uchun — uchdan bir qismi;
- uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.
Bu to`lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e`tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko`paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo`lmasligi kerak. Siz tegishliligi bo`yicha fuqarolik sudiga murojaat qilish orqali aliment miqdorini ko`paytirish to`g`risida da`vo arizasi bilan sudga murojaat qilishingiz mumkin"






