Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o`qituvchilar o`quv muassasada ta`lim sifati, o`quvchilarning oliygohlarga kirish ko`rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib kechirim so`rashga majbur qilingani haqida xabarlar va o`qituvchilarning maktab faollar zali sahnasida bosh egib turgani aks etgan surat tarqaldi. Mazkur holat tarmoqda keng muhokamalarni keltirib chiqardi.
Jamoatchilikni jumbushga keltirgan voqeaga O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidov munosabat bildirib, bu davlat siyosatiga qarshi harakat ekanini aytdi.
“Bugun Marhamat tumanida yuz bergan holatni nafaqat o`qituvchilarimizning sha`nini erga urish, balki davlatimiz siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholayman.
O`qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois bugun davlatimiz rahbari o`qituvchilarni ulug`lash va jamiyatda eng obro`li inson qilish masalasini davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqdilar”, deydi vazir.
Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorong`u, lekin aybdorlar, albatta, javob berishi kerak. Shu o`rinda men o`qituvchilardan o`z qadr-qimmatlarini erga urishga yo`l qo`ymasliklarini so`rab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni erga qaratishga hech kimning haqqi yo`q! Bunday holatlarga yo`l qo`ygan "tashabbuskorlarga", albatta, tegishli chora ko`riladi”, deb yozadi Saidov.