Toshkentdagi Driver’s Village avtosalonida 27 may, juma kuni yangi Chevrolet Nexia avtomobilining taqdimoti bo`lib o`tdi.
“Daryo” nashri taqdimot marosimidan fotoreportaj tayyorladi.
Taqdimot marosimida yangi Chevrolet Nexia nafaqat O`zbekiston va MDH mamlakatlarida, balki Yaqin Sharq va Afrika avtobozorlarida ham sotilishi ma`lum qilindi. GM Uzbekistan Operations vakilining ta`kidlashicha, «yangi Nexia xaridorlar ishonchini to`la oqlay oladi».
Eski N150 modelidan farqli ravishda, yangi Nexia’da ABS va haydovchi xavfsizlik yostig`i bor. Mashina, shuningdek, immobilayzer, kunduzgi old chiroqlar (DRL) hamda Isofix bolalar o`rindiqlari uchun mustahkamlagichlar bilan ta`minlangan.
Model GM Powertrain-Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarilgan sig`imi 1,5 litrga teng, 16 klapanli 109 ot kuchiga ega benzinli S-TEC III dvigateli va besh bosqichli mexanik yoki olti bosqichli avtomat tezlik uzatmalar qutisi yordamida harakatga keladi.
Uchinchi LTZ pozisiyada avtomat (tiptronik funksiyali) tezlik uzatmalar qutisi mavjud bo`lib, mazkur pozisiyada mexanik tezlik uzatmalar qutili mashinalar ham taqdim etiladi.
Mashina 11 rangda taqdim etiladi (shulardan 4 tasi — yangi ranglar). To`rt kegayli rul chambaragi Lacetti’niki bilan bir xil. Uchinchi pozisiyada rul chambaragida audiotizimni boshqarish moduli mavjud.
Audiotizimda Bluetooth, AUX, handsfree bor. USB porti to`xtash tormoz dastasi yonida qulay qilib joylashtirilgan. Hajmi 400 litr bo`lgan yukxona kalit va haydovchi eshigidagi tugma orqali ochiladi.