AsosiyJamiyat

Tojikistondagi afg`on qochoqlari uchun Termizdan insonparvarlik yuki jo`natildi

'Tojikistondagi afg`on qochoqlari uchun Termizdan insonparvarlik yuki jo`natildi'ning rasmi

BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi qochoqlar bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko`rish tadbirlari doirasida Termiz shahridan Tojikistonga insonparvarlik yordami jo`natdi. Bu haqda "Xalq so`zi" muxbiri xabar bermoqda.

 Bu xayrli tadbir BMTning Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Tojikiston hukumatiga Afg`onistondan ehtimoliy qochoqlar oqimiga tayyorgarlik ko`rishda yordam berish bo`yicha sa`y-harakatlarining bir qismidir. Unda 40 tonnaga yaqin oilaviy chodirlar, yotoq to`shaklari, oshxona jihozlari, polietilen plyonka va boshqa asosiy yordam buyumlari bor.

— BMT QOKB Tojikistondagi 30 dan ortiq milliy va xalqaro gumanitar va rivojlanish agentliklarini birlashtirgan Qochoqlarni muvofiqlashtirish modeli orqali hukumatga qo`shimcha yordam ko`rsatish majburiyatini oladi. BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi, shuningdek, donorlarning, xususan, Yaponiya hukumati va Evropa Ittifoqining doimiy qo`llab-quvvatlashini qadrlaydi, — dedi BMT QOKBning Tojikistondagi vakili Mulugeta Zevdi. — Ushbu insonparvarlik yordami Yaponiya hukumatining 700 000 AQSh dollari miqdoridagi hissasi va 500 000 evro miqdorida ajratgan insonparvarlik yordami tufayli amalga oshirildi.

Ma`lumot o`rnida. Bu insonparvarlik yuklari O`zbekiston hukumati ko`magida BMT QOKBning Termizdagi yuk saqlash markazidan jo`natildi. Termiz yuk saqlash markazi Afg`onistondagi vaziyatdan jabrlangan Afg`oniston, Eron va Markaziy Osiyo mintaqasiga asosiy yordam buyumlarini oldindan joylashtirish va tezkor etkazib berishni yaxshilash uchun logistika va favqulodda vaziyatlarga javob beruvchi maskan hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar