Bugun, 21 fevral “Avtomototransport vositalarini sotib olish jarayoniga axborot tizimlarini joriy etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 apreldan “UzAuto Motors” AJ tomonidan avtomototransportni xarid qilish bo`yicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-ma`lumotni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo`l harakati xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.
Mazkur tartib orqali avtomobil sotib olishda haqqoniy xaridorlarga ustuvorlik beriladi. Ya`ni, fuqarolarning avtomototransport sotib olish uchun olgan shartnomalarini boshqa shaxslarga sotishining oldi olinadi. Shartnoma kimning nomiga rasmiylashtirilib Yo`l harakati xizmati bazasiga kiritilgan bo`lsa, avtotransport o`sha shaxs nomiga rasmiylashtiriladi.






