AsosiyJamiyat

“O`zavtosanoat” AJ kompaniyasi boshqaruv rahbari O`zbekiston gimnastika federasiyasi raisligiga saylandi

'“O`zavtosanoat” AJ kompaniyasi boshqaruv rahbari O`zbekiston gimnastika federasiyasi raisligiga saylandi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston gimnastika federasiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda federasiyaga yangi rahbar saylanishi kun tartibidan o`rin olgan asosiy masala bo`ldi. Ushbu tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O`zbekiston gimnastika federasiyasi mutasaddilari, trenerlar va sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiyada “O`zavtosanoat” AJ kompaniyasi boshqaruv rahbari Shavkat Bo`ronovich Umrzoqov nomzodi O`zbekiston gimnastika federasiyasi raisligiga ilgari surildi va konferensiya delegatlari tomonidan bir ovozdan ma`qullandi. Ta`kidlash joiz, Shavkat Bo`ronovich boshqaruvidagi “O`zavtosanoat” AJ ushbu federasiya uchun begona emas. "O`zavtosanoat" uzoq yillardan beri federasiyaning bosh homiysi sifatida ushbu sport turini mamlakatimizda rivojlantirishda ulkan hissa qo`shib kelmoqda. So`z o`rnida Sh.Umrzoqov o`zbek gimnastikasi rivojini yangi bosqichga olib chiqish yo`lida bor kuchini ishga solishini ta`kidladi.

“Avvalo, menga bildirilgan ishonch uchun O`zbekiston gimnastika federasiyasi oilasiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu men uchun haqiqatda katta mas`uliyat. O`zbekiston gimnastika federasiyasi xalqaro maydonda katta shuhrat qozongan. Bunga sportchilarimizning jahon miqyosdagi yirik turnirlarda erishgan muvaffaqiyatlari, Xalqaro gimnastika federasiyasi va Osiyo gimnastika ittifoqi tomonidan o`tkaziladigan seminar va konferensiyalarda muntazam ishtirok etishlari misol bo`la oladi. Bugungi kunda federasiyamiz dunyodagi 162 milliy federasiyalar orasida eng yaxshi 10 tasidan biridir. Biroq oldimizda o`z echimini kutayotgan qator muammolar ham turibdi. Terma jamoalarga, malakali kadrlarga etarlicha e`tibor berilmagani, moliyalashtirishning to`liq emasligi bois bir qator istiqbolli sportchi va mutaxassislar sevimli ish joylarini tark etishdi. Ushbu lavozimga nomzodimni ilgari surishdan avval o`zbek gimnastikasi tarixini o`rganib chiqdim. Aytishim mumkinki, XX asr davomida qayd etilgan ulkan yutuqlar meni hayratga soldi. O`zbek gimnastikasi eski an`analarini qayta tiklashi, uni jahonning etakchi maktablaridan biriga olib chiqishi kerak, deb o`ylayman. Bu kabi ezgu maqsadlarimizni tezroq amalga oshirish uchun bor kuch-g`ayratimni ishga solishga va`da beraman”, – dedi federasiyaning yangi raisi.

Shuningdek, konferensiya davomida federasiyaning bir qator lavozimlariga vakillar tasdiqlab olindi. Unga ko`ra, Ruslan Bulatovich Mustaev federasiya raisining birinchi o`rinbosari, Go`zal Bahodirovna Filippova federasiya bosh kotibi, Galina Vyacheslavovna Isroilbekova direktor sifatida faoliyatini davom ettiradi. Qolaversa, yo`nalishlari bo`yicha murabbiylar shtabi ham tasdiqlab olindi.

Tadbir davomida federasiya faoliyati bilan bog`liq bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Federasiya bosh hisobchisining moliyalashtirish va sarf-xarajatlar to`g`risidagi hisoboti tinglandi. Shuningdek, federasiya a`zolari va murabbiylar ko`tarilgan masalalar bo`yicha o`z fikr va takliflari bilan o`rtoqlashdilar.

    Boshqa yangiliklar