“Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq:
- 8 ta tumanda xomashyoni qazib olishdan uni qayta ishlash, laboratoriya tekshiruvidan o`tkazish, tayyor qurilish va pardozbop materiallar ishlab chiqarishgacha qo`shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi qurilish materiallari klasterlari tashkil etiladi;
- 16 ta tuman va shaharda boshqa hududlar bilan sanoat kooperasiyasini tashkil qilish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarilishi yo`lga qo`yiladi;
- har bir hududda kamida bittadan qurilish materiallarini ishlab chiqarishdan qurilish ob`ektlarini loyihalashtirish va tayyor ko`p qavatli uy-joylar qurishgacha qo`shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi uy-joy qurilishi klasterlari tashkil etiladi.
2022 yil 1 martdan:
- barcha yuridik shaxslarga respublikada ishlab chiqariladigan sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi;
- 2024 yil 1 yanvargacha mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yo`l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensasiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.
Qaror bilan 2022–2023 yillarda yangi noruda konlarini shakllantirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishning manzilli rejasi tasdiqlandi.
Shunga ko`ra, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun 2022–2023 yillarda Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasiga geologiya-qidiruv ishlari uchun 100 milliard so`m miqdorida mablag` ajratiladi.
Qarorga ko`ra, 400 ta foydali qazilma kon uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.






