AsosiyMadaniyat

O`zbekiston vakili Parlamentlararo Ittifoqning Dubaydagi yig`ilishida ishtirok etadi

'O`zbekiston vakili Parlamentlararo Ittifoqning Dubaydagi yig`ilishida ishtirok etadi'ning rasmi

26-27 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo`mitasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy markazi matbuot xizmatidan ma`lum qilinishicha, Ijroiya qo`mita yig`ilishida joriy yilda o`tkaziladigan Parlamentlararo Ittifoqning 144-Assambleyasi kun tartibi bilan bog`liq masalalar muhokama etiladi.

Bundan tashqari, 144-Assambleyaga tayyorgarlikning borishi, Parlamentlararo Ittifoqning BMTdagi siyosiy loyihasi, ochiqlik hisobotiga rioya etish holati, 2022-2026 yillarga mo`ljallangan Kommunikasiya strategiyasining dastlabki loyihasi ham ko`rib chiqiladi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning taklifiga ko`ra, ushbu yig`ilishda O`zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etadi.

Akmal Saidov 2020 yildan buyon Parlamentlararo Ittifoqning vise-prezidenti hisoblanadi.

Ma`lumot uchun: Parlamentlararo Ittifoq 1889 yilda tashkil etilgan. Hozirgi paytda 179 ta mamlakat parlamenti mazkur nufuzli parlamentlararo tashkilotga a`zo.

Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi tashkilot maqomi berilgan. O`zbekiston 2017 yil oktyabrida Parlamentlararo Ittifoqqa a`zo bo`lgan va uning 138-141-Assambleyalarida ishtirok etgan. Xususan,  Parlamentlararo Ittifoqning 2019 yil 18 oktyabrda bo`lib o`tgan 141-Assambleyasida Evroosiyo guruhidan – O`zbekiston parlamenti vakili Akmal Saidov Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo`mitasining a`zosi etib saylangan.  

    Boshqa yangiliklar