AsosiyJamiyat

Ehtiyojmand yolg`iz ayollar farzandlari uchun davlat bog`chalari to`lovlari byudjetdan qoplab beriladi

'Ehtiyojmand yolg`iz ayollar farzandlari uchun davlat bog`chalari to`lovlari byudjetdan qoplab beriladi'ning rasmi

Xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustaheamlash bo`yicha Prezident yig`lishi davom etmoqda. 

Prezident ayollarni ijtimoiy himoya qilishni tubdan kuchaytirish va bu boradagi yondashuvlarni qayta ko`rib chiqish vazifasini qo`ydi.

Mamlakatimizda har yili o`rtacha 700 ming chaqaloq dunyoga kelmoqda. Farzandli bo`lgan ayollar kamida 4 oyga ishdan ajralishi, dekretga chiqishi kerak.

“Ochiq aytish kerak, ayni paytda byudjet tashkilotlari homiladorlik nafaqasini to`liq to`lab bersada, xususiy sektorda bu xarajat tufayli ayollarni rasmiy ishga olishdan qochish holatlari ham, afsuski bor”, dedi Prezident.

Shu bois, 2022 yil 1 sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan kafolatli to`lab beradigan tizim yaratiladi.

Endi, ularga ham 4 oyga 2 million so`m miqdorida bir martalik homiladorlik nafaqasi to`lab beriladi.

Bu maqsadlar uchun, byudjetdan 2022 yilda 200 milliard so`m, 2023 yilda esa 1,7 trillion so`m yo`naltiriladi.

Yig`ilishda e`lon qilingan xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha yana bir qator chora-tadbirlar:

- ehtiyojmand yolg`iz ayollar farzandlari uchun davlat bog`chalari to`lovlari byudjetdan qoplab beriladi;

- yirik ishlab chiqarish korxonalari, to`qimachilik klasterlari va kechki smenada aksariyat ayollar ishlaydigan korxonalar bog`cha tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi davlat tomonidan to`lab beriladi;

- 27 ming nafar ayolning uy-joy sharoitini yaxshilash bo`yicha aniq rejalar belgilab olingan;

- 2022 yilda ipoteka kreditlari bo`yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo`naltiriladi;

- uy-joyga muhtoj 14 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to`lovlari uchun 500 ming so`mgacha kompensasiya beriladi;

- 2022 yilda respublika bo`yicha 1 mingta ijtimoiy uylar sotib olinadi;

- viloyat hokimlari ushbu uylarning 700 tasini uy-joyga muhtoj yolg`iz ayollarga ijaraga beradi, ushbu xotin-qizlar kasb-hunarga o`rgatiladi.

    Boshqa yangiliklar