Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo`yicha boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida o`zaro virtual guruh tashkil etib, ekstremistik mazmundagi materiallar tarqatish bilan shug`ullangan shaxslar faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Xiva shahrida yashovchi, 2002-2004 yillar oralig`ida tug`ilgan 4 nafar shaxs o`zlarining uyali telefon apparatlari orqali ijtimoiy tarmoqlardagi aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan materiallar bilan tanishib, xalqaro terroristik tashkilotlar hamda diniy ekstremistik oqimlarning g`oyaviy rahnamolari bo`lgan Abu Saloh, Abdulloh Buxoriy, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy va boshqalarning ma`ruzalarini ko`rib, tinglab, atrofdagilarga ham tarqatib kelishgan.
Shuningdek, ular Suriyadagi terroristik tashkilotlar a`zolari bilan aloqaga kirishib, ularning safiga borib qo`shilishni maqsad qilishgan.
Bundan tashqari, Xiva shahrida kuzatilgan yana bir holatda 1995-1999 yillar oralig`ida tug`ilgan 3 nafar fuqaro mehnat migranti sifatida xorijda bo`lgan davrlarida ijtimoiy tarmoqlar orqali dinga aqidaparastlarcha berilib, ekstremistik ruhdagi qarashlarning tarafdorlariga aylanishgan hamda vatanga qaytib kelganlaridan so`ng, virtual guruh tashkil etib, o`zlarining noqonuniy xatti-harakatlarini davom ettirishgan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaning ekspertiza xulosasiga ko`ra, har ikki holatdagi qonunbuzarlarning mobil aloqa vositalari xotirasida, shuningdek, «Telegram» messenjeri va «Instagram» ijtimoiy tarmog`ida ularga tegishli bo`lgan profillardagi mavjud diniy mazmundagi materiallar O`zbekiston Respublikasiga olib kirish, tayyorlash, saqlash va tarqatish taqiqlangan materiallar sirasiga kiradi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






