Kecha Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligida Abduqodir Toshqulov boshchiligida yig`ilish o`tkazilgani haqida yozgandik.
Unda so`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo`lgan holatlar, jumladan Vestministr universiteti va Farg`ona politexnika institutida o`tkazilgan ma`naviy tadbirlar, kecha tunda O`zbekiston milliy universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti talabalar turar joylaridagi kuzatilgan videomateriallar bo`yicha rektor, prorektor va mas`ullar tanqid qilindi.
Yig`ilishda Farg`ona politexnika instituti va Vestministr universiteti prorektorlariga hayfsan berilib, qolgan oliy o`quv yurtlari rektorlariga holatlarni atroflicha o`rganib, bugun kechga qadar mas`ullarga tegishli chora ko`rish yuzasidan topshiriq berilgandi.
Shuningdek, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazir Abduqodir Toshqulovning ma`lum qilishicha, 23 ta OTM prorektorlari vazirlikka tasdiqlanmagan ma`lumot taqdim etgan.
"Belgilangan mezonlar bilan tahlil qilinganda sohalar bo`yicha kamchiliklar yaqqol ko`rindi. Ayrim OTMlar berilgan topshiriq ijrosiga loqaydlik bilan qaraganini kuzatishimiz mumkin. 23 ta OTMlar ilmiy ishlar va innovasiyalar hamda xalqaro hamkorlik bo`yicha prorektorlar mazkur vazifaga jiddiy yondoshmaganligi va tasdiqlanmagan ma`lumotlarni taqdim etganligi aniqlandi",-deydi vazir.






