Ayni kunlarda O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsert dasturi bo`lib o`tmoqda. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda xonandaning konsert jarayonida o`z muxlislari bilan qo`pol munosabatda bo`lgani aks etgan video keng tarqaldi va hamon keskin tanqidlarga sabab bo`lmoqda.
Avvalroq Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Yulduz Usmonova konsertidagi hodisa sabab o`rganish o`tkazishi haqida yozgandik.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi ham holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “Xalqlar do`stligi” san`at saroyida bo`lib o`tayotgan konsertning 12 mart kunidagi dasturida texnik nosozlik tufayli sahna pardasi to`laligicha ochilmay qolgan va bunga tomoshabinlar e`tiroz bildirgan. Xususan, ulardan biri qo`pol ohangda baqirgan. Natijada Yulduz Usmonova buni haqorat deb tushungan va emosiyaga berilib ketib, konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarga nisbatan qo`pol munosabatda bo`lgan.
"Shuni qat`iy ta`kidlaymizki, san`atkor har qanday holatda ham ortiqcha his-hayajonga berilmay, vaziyatni to`g`ri baholay olishi, o`zini tuta bilishi, muomala madaniyati, odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, ayniqsa, sahnada, muxlislar bilan muloqot jarayonida ularga nisbatan samimiy munosabatda bo`lib, hurmatini joyiga qo`yishi shart. Bu uning ma`naviy burchi hisoblanadi. Madaniyat vazirligi ushbu tartib-qoidalarga zid ravishda qilingan hatti-harakatlarni hech qachon yoqlamaydi va keskin qoralaydi",-deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik tomoshabinlarga ham murojaat qildi.
"Albatta, konsert-tomosha jarayonlarida tomoshabinlar chekiga tushadigan mas`uliyat ham borki, yurtdoshlarimiz masalaning ushbu jihatiga ham e`tibor qaratishlari zarur. Ya`ni, san`atkordan madaniyat talab qiladigan, unga e`tiroz bildiradigan jamiyat, ayni paytda, jamoat joyida o`zini tutishni bilmaydigan, etika qoidalarini qo`pol ravishda buzib, ommaning madaniy hordiq olishiga, kayfiyatiga salbiy ta`sir o`tkazadigan va xalaqit qiladigan tomoshabinlarni tartibga chaqirib, kerak bo`lsa, ularga tanbeh berishi ham lozim. Shunda hammasi adolatdan bo`ladi",-deyiladi unda.






