Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda xonandaning konsert jarayonida o`z muxlislari bilan qo`pol munosabatda bo`lgani aks etgan video keng tarqaldi va hamon keskin tanqidlarga sabab bo`lmoqda. Sal avval Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Yulduz Usmonova konsertidagi hodisa sabab o`rganish o`tkazilishini ma`lum qildi.
"darakchi.uz" vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Usmonovaning yaqin insoni, qo`shiqlarining she`rlari muallifi va konsert muharriri Lola Sobirova bilan bog`landi.
"Bu yilgi konsert dasturi ham juda chiroyli boshlangan edi. Negadir o`sha kuni texnik nosozliklar tufayli sahna pardasini ko`tarib-tushiradigan moslama ishlamay qoldi. Va natijada pardaning bir qismi osilgan holatda qoldi. Yulduz Usmonova endigina ona haqida qo`shiqni boshlamoqchi edi hamki, birdaniga zalda g`ala-g`ovur ko`tarilib ketdi. Biz ham nima bo`layotganini anglolmay qoldik. Chindan ham odamlar shovqin ko`tarib yuborgani uchunularning so`zlarini tushinish imkoni yo`q edi. Odamlar orasida kimdir “Pastga” deganday pardani nazarda tutib, ishora qilsa, Yulduz Usmonova buni “Sahnadan pastga tushib, uni rasmga olishlarini iltimos qilishyapti” deb tushundi. Agar muxlislar orasdan birgina odam, shovqin ko`tarmasdan sekingina kelib sahnadagi nosozlik haqida aytganida olam guliston edi. Bu vaziyatda xonandani ham to`g`ri tushunish kerak. Axir Yulduz Usmonova yillik hisobotini, imtihon topshiryapti. Bundan tashqari shanba, dam olish kunlari bir kunda ikki marotaba konsert qo`ydik. Yulduz Usmonova hamma gap sahnadagi pardada ekanligini bilganidan so`ng muxlislaridan uzr ham so`radi. Ammo bu gaplarni videoni tarqatganlar tabiiyki kesib tashlashgan. Hatto dastur nihoyasiga etgach, “Nima uchun menga gap parda haqida ketyapti deb aytmadilaring”, deya bizga ham dakki berdilar. Yulduz opa har bir muxlisini hurmat qiladi. Aynan shu tufayli ham ularning topshiriqlari bilan konsertimizning har bir mehmoniga yuzlanib, “Qo`shiqlar sizga manzur kelyaptimi? Belgilangan dastur tugagach, yana qaysi taronalarni qo`shimcha tinglashni xohlaysizlar” deb shaxsan o`zim so`rab yuribman. Bu erda muxlislarga nisbatan hech qanday gina yo`q. Boshqa tarafdan xonanda ham mehnati qadrlanmayotgandek tuyilgani uchun tomoshabinlardan ranjidi. Xullas, aslida bir-birini hurmat qiladigan ikki tomon o`rtasida tushunmovchilik vujudga keldi, xolos", - deya izoh berdi Lola Sobirova.
Eslatib o`tamiz, mazkur holatga Madaniyat vazirligi ham munosabat bildirgan.






