AsosiyJamiyat

"Boychechak aytib keldik uyingizga..." Yoxud bahor mavsumi bilan bog`liq qanday odat va irimlarimiz bor?

'"Boychechak aytib keldik uyingizga..." Yoxud bahor mavsumi bilan bog`liq qanday odat va irimlarimiz bor?'ning rasmi

Xalqimiz orasida bir-biridan qiziq, ba`zan kulgili, ba`zan esa juda hayratlanarli bo`lgan odatlar yoxud irim-sirimlar uchrab turadi. Masalan, safar oyida safar qilinmaydi, shanba kuni kasal ko`rilmaydi, havoda uchib yurgan mezonga qarab fasllarni yoki qushlar parvoziga qarab ob-havoni bashorat qilish kabi odatlarni kunda uchratib turamiz. 

Aslida oy va kunlarning hammasi bir xildir. Ularda turli fazilatlar bor, ammo hech birida yomonlik yo`q. Darhaqiqat, mavsumlar bilan bog`liq odatlarimiz ham yo`q emas. Hozir ularning ayrimlariga to`xtalamiz. Siz esa bu odatlarni o`z kundalik hayotingizda qanchalik qo`llaysiz yoki duch kelgansiz, o`qib bilishingiz mumkin. 

LOY TUTISh ODATI — NIMA U?

Bahorgi mavsumda loy tutish, shox moylash, yomg`ir chaqirish, darvishona kabi marosim va odatlarimiz bor.

Masalan, loy tutish marosimida muayyan hududda yashaydigan aholi ariqlarni tozalash, dalaga suv chiqarishni osonlashtirish uchun hasharga chiqadi. 

MO`L HOSIL BO`LIShINI ISTAB...

Shox moylar marosimi bahorgi dehqonchilik ishlari bilan bog`liq bo`lgan. Dehqonlar yil davomida ekin-tikin mo`l-hosil berishiga umid qilib birinchi qo`sh haydaydigan ho`kiz shoxiga zig`ir moyi surganlar. Marosimda dehqonchilik piri – bobodehqondan mo`l hosil bo`lishini tilab niyat qilishgan.

YoMG`IR YoG`MASA...

Yomg`ir chaqirish marosimi bu, asosan, bahorda yomg`ir yog`magan yillarda “Sust xotin” qo`shig`ini aytib o`tkazilgan.

“BOYChEChAK” AYTIB QIShNI HAYDAYMIZ...

“Boychechak” qo`shig`ini aytish odati turkiy xalqlarda ko`klam kelib, boychechak chiqqanda, bahorning ilk guliga bag`ishlab o`tkaziladigan an`anaviy odatlardan biri. Bahor bilan bog`liq “Lola”, “Gul” kabi ko`plab sayllarning ibtidosi “Boychechak” marosimi hisoblanadi.

Boychechak tutgan bolalar uyma-uy yurib, xonadonlardan qishni haydaganlar. Bu odatlar qanchalik tantanali o`tsa, unda ko`klamni ulug`lovchi qo`shiqlar qanchalik baland ovozda kuylansa, qish shunchalik tez xonadonlarni tark etishiga ishora qilingan. Ko`klam chechagi boychechak esa xonadonlarga shod-xurramlik, baxt va omad, to`kinlik va baraka olib keladi, deb tasavvur qilingan. Xonadon egalari boychechak keltirgan bolalarga qishni quvib haydab, uyiga ko`klamni olib kelgani uchun sovg`a-salom ulashgan. Kelayotgan ko`klamning bu kurashda qishni engishi tabiatga ta`sir qiladi, deb tushunilgan.

QARIYaLAR TILLARIDAN MAVSUM IRIMLARI

✅ Danakli mevalarni Navro`z o`tgandan so`ng eb bo`lmaydi, ularning danagidan zararli gaz chiqishi ilmiy asoslangan;

✅ Agar bahor mavsumida yomg`ir yog`ishi kechiksa, sumalak uchun ko`kartirilgan bug`doydan bir qismi ariqqa oqiziladi;

✅ Haddan tashqari yog`ingarchilik ko`p bo`lsa, ko`kartirilgan bug`doy parchasi tomga otiladi;

✅ Qaldirg`och past uchsa, tez orada yomg`ir yog`adi;

✅ Qizaloqlarning quloqlariga birinchi marta sirg`a qaldirg`ochlar uchib kelgunga qadar taqilishi lozim, shunda u yara hosil qilmaydi;

✅ Kuzda momaqaldiroq bo`lib, chaqmoq chaqsa, qish yog`ingarchilik­larsiz, agar qishda bo`lsa, bahor yog`ingarchiliklarsiz kuzatiladi;

✅ Yomg`ir yog`ib turgan paytda momaqaldiroq bo`lib, chaqmoq chaqsa, 40 kun yomg`ir yog`adi;

✅ Agar quruq havoda momaqaldiroq bo`lib, chaqmoq chaqsa, 40 kun yog`ingarchiliklarsiz havo bo`ladi;

✅ Bahorda er odam kuchini oladi va undan ko`klam unadi, shuning uchun turli ko`katlar ushbu mavsumda kuch beruvchi ozuqa sifatida iste`mol qilinadi.

 

Farida EGAMBERDIEVA 

 

    Boshqa yangiliklar