AsosiyJamiyat

YPX xodimlari faoliyatini yoritishga «ixtisoslashib olgan» ijtimoiy tarmoq faollarining harakatlari «Jamoatchilik nazorati to`g`risida»gi qonunga zid — Shoxrux G`iyosov

'YPX xodimlari faoliyatini yoritishga «ixtisoslashib olgan» ijtimoiy tarmoq faollarining harakatlari «Jamoatchilik nazorati to`g`risida»gi qonunga zid — Shoxrux G`iyosov'ning rasmi

Avvalroq, "Yo`l-patrul xizmati xodimlarining yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to`g`risidagi nizomga qo`shimchakiritish to`g`risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokama uchun e`lon qilingani haqida xabar bergandik.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligining Matbuot kotibi Shoxrux G`iyosov Darakchi.uz'ga ma`lumot berdi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan «Yo`l-patrul xizmati xodimlarining yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to`g`risidagi nizom»ning 19-bandiga «YPX xodimining o`z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog`liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz Internet jahon axborot tarmog`ida joylashtirmaslik» normasi kiritilayotganligi ayrim ijtimoiy tarmoq faollarida salbiy fikrlar uyg`otmoqda.

Masalaga oydinlik kiritsak.

1. Hozirgi kunda yo`l harakati xavfsizligi xodimlari faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda yoritishga «ixtisoslashib olgan» ijtimoiy tarmoq faollarining deyarli barchasini harakatlari amaldagi «Jamoatchilik nazorati to`g`risida»gi qonunga zid. Ya`ni har qanday ma`lumot, faqat tekshirilib, xolisligiga ishonch hosil qilinganidan so`ng, axborot sifatida tarqatilishi shart.

Bu qoidaga rioya etilyaptimi? Aksariyat holda, yo`q. Yo`l harakati xavfsizligi xodimlarining faoliyati tasvirlangan videolavhalar, aynan ziddiyatli, shov-shuvli yoki xodimni obro`sizlantiruvchi sharhlar bilan, ikkinchi tomonning munosabatisiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi davom etmoqda.  

Ha, siz to`g`ri tushundingiz. Kiritilayotgan yangi normasiz ham noxolis axborot tarqatish noqonuniy. Qani aytingchi, barcha ijtimoiy tarmoq faollari xolislikka rioya qilyapti-mi? To`g`ri, axborotga aniqlik kiritib, uni xolis tarqatish, ushbu kontentga ommaning qiziqishini keskin pasaytirib yuboradi, bu esa tomoshalar soni qisqarishiga, pirovardida daromadni kamayishiga olib keladi. Lekin, kim aytdi, davlat organi xodimini obro`sizlantirish orqali daromad topish, bu ochiqlik, deb?

2. Orqaga qaytish, jamoatchilik nazoratini bo`g`ish bo`layotganligini iddao qilayotgan ijtimoiy tarmoq faollariga savol, sizga kim jamoatchilik nazoratini olib borishingizga to`sqinlik qilmoqda? Xodimning faoliyatiga xalaqit bermagan holda tasvirga oling, noqonuniy harakat bo`ldi desangiz, munosabat so`rang, shikoyat qiling, xolis axborotni qo`lga kiritganingizdan so`ng, tarqatish masalasini ko`taring. Kim sizga xalaqit beradi? To`g`ri ozgina ko`proq ishlash kerak, izlanish kerak, surishtirish kerak. Lekin, kim aytdi, axborot tarqatish faoliyati, oson daromad manbai, deb?  

3. Ko`chada ataylab ziddiyatli vaziyatlarni uyushtirish, xodimlarning qonuniy talablariga bo`ysunmaslik, hattoki buni targ`ib qilish, qoidani buzib alamzada bo`layotgan haydovchilarning jazavalari, salbiy yoki noqonuniylikka urg`u berilgan yozuvlar yohud kontekstdan yulib olingan sharhlar va hokazo salbiy kontent, ochiqlikmi? Yoki aynan shu mazmundagi videolavhalarga «zakaz» berib, ularni sotib olish va tarqatish, ochiqlikmi? Kim bu savollarga javob beradi?

Fikr qilishingiz uchun, mana bu raqamlarga ahamiyat bering, 2021 yilda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog`liq 707 ta salbiy axborot tarqatilgan bo`lsa, ularni tekshirish natijasiga ko`ra, bor-yo`g`i 55 tasi o`z tasdig`ini topgan. Aytishingiz mumkin, ha, buyam bir ishda, tasdiqlanmagan bo`lsa, kaftdek munosabat berib qo`ying, shuni o`zi bo`ladida, deb.

Lekin, bu qonunsizlikning oqibatichi? Hech bir fuqaro haqiqatni bilmasdan turib yozgan salbiy kommentariyasini o`chirmaydi, ijtimoiy tarmoq faoli o`sha xodimni obro`sizlantirishga olib kelgan kontentini olib tashlamaydi, xodimning yaqinlari yoki farzandlaridan borib, men noto`g`ri qilibman, deb, uzr so`ramaydi.  

Qani bu erda ochiqlikni bo`g`ilishi? Qonunga rioya qilishni talab qilish, ochiqlikni ta`minlanishini tartibga solish bo`yicha norma ishlab chiqish, orqaga yo`lmi?  

Yangi norma, yuqorida bayon etilgan noqonuniy axborot tarqatish faoliyatga barham berib, haqiqiy shaffoflikni ta`minlashga qaratilganligi ayni haqiqat. Buni inkor etishga harakat qilmang. Ochiqlik bu qonunsizlik emas. Qonunni talab qilishdan oldin, qonunga rioya qilishni o`rganish kerak.

Bu masala yuzasidan qo`shimcha savollar bo`lsa, marhamat, men bilan bog`laning.

    Boshqa yangiliklar