O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o`zining konsert dasturida muxlislari bilan qo`pol munosabatda bo`lgani aks etgan video keng tarqaldi va jamoatchilik tomonidan keskin tanqidlarga sabab bo`ldi. Mazkur holatga Madaniyat vazirligi ham munosabat bildirdi.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Yulduz Usmonova konsertidagi hodisa sababi bo`yicha o`rganish o`tkazishini ma`lum qilgan edi.
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, holat yuzasidan o`rganish ishlari tugatilgan.
Mazkur o`rganish ishlari ushbu konsert dasturini tashkil etgan “MEDIA MY GRAND” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbariyati, “Xalqlar do`stligi” san`at saroyi ma`muriyati hamda xonanda va uning prodyuseri shaxsan ishtirokida o`tkazilgan.
Unga ko`ra, “MEDIA MY GRAND” MChJ “Xalqlar do`stligi” san`at saroyida joriy yilning 10-25 mart kunlari xonanda, O`zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonovaning yakkaxon konsert dasturini o`tkazishni rejalashtirgan bo`lib, bu bo`yicha Toshkent shahar Ommaviy tadbirlarni o`tkazish bo`yicha komissiyaning (25.10.2021 yildagi) 198 – sonli (MM-1 toifali) ruxsatnomasi olingan.
Joriy yilning 12 mart kuni konsert dasturining kechki seansida badiiy dasturning 2-blogida xonanda tomonidan “Ona” qo`shig`i kuylash jarayonida, sahnadan pastgi o`rindiqlarda o`tirgan noma`lum tomoshabin tarafidan xonandaga baland ovozda murojaat qilingan, ammo xonanda mazkur murojaatning mazmunini tushunmagan. (Yulduz Usmonova: mendan qandaydir qo`shiqni so`radi deb o`yladim) Xonanda tomonidan qo`shiqni quylash davom ettirilgan. Biroq, zalda o`tirgan bir nechta tomoshabin baland ovozda xonandaga takror murojaat qilgandan so`ng, bu orada boshqa tomoshabinlar baland ovozda xonandaga murojaat qilayotgan tomoshabinlarga e`tiroz bildirishni boshlashgan, xonanda tomoshabinlar o`rtasida janjal chiqmasligi uchun kuylashni to`xtatib, nima masala bo`layotganligiga oydinlik kiritgan. (Yulduz Usmonova: konsertni atay buzish uchun, tomoshabinlarga halaqit berish maqsadida, “zakaznoy” yollangan “tomoshabin”lar deb o`yladim)
Xonanda Yu.Usmonova boshqa tomoshabinlarga halaqit berayotganlarga hissiyotga berilgan holda, qattiq gapirganligini, u o`sha paytdagi asl vaziyatni noto`g`ri tushunganligini, muxlislarini juda yaxshi ko`rishini, tomoshabinlarning iste`molchi sifatidagi huquqlarini hurmat qilishini, uning aytgan so`zlari muxlislariga tegishli emasligini, o`sha kundagi tushunmovchilik uchun uzr so`rashini ta`kidlab o`tgan.
Ta`kidlanishicha, konsert tashkilotchisi hisoblangan “MEDIA MY GRAND” MChJ rahbariyati “Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunning 4-moddasi (Iste`molchilarning asosiy huquqlari) hamda 19-moddasi (Ishni bajarish, xizmat ko`rsatish to`g`risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste`molchining huquqlari) talablari mazmuni bilan tanishtirilib, konsert dasturida tomoshabinlarning iste`molchi sifatidagi huquqlarini ta`minlash borasida tushuntirishlar berilgan.
Shuningdek, “MEDIA MY GRAND” MChJ rahbariyati qonsert dasturida tomoshabinlarning iste`molchi sifatidagi huquqlari to`liq ta`minlanishini kafolatlab, noqulay ob-havo tufali “Qamchiq” dovonining yopilganligi munosabati bilan, vodiy viloyatlaridan belgilangan kundagi konsert dasturida ishtirok eta olmagan tomoshabinlarga, kelib murojaat qilgan kundagi seansga kirishini ta`minlanayotganligini ma`lum qilgan.
Federasiya tomonidan xonanda Yulduz Usmonovaning so`zlarida kasb etikasi va odob-ahloq qoidalariga rioya qilinmaganlik holati (lisenziya talablariga rioya qilish) yuzasidan tegishli so`rov ko`rib chiqilishi uchun O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O`zbekkonsert” davlat muassasiga yuborildi, - deyiladi O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Matbuot xizmati mia`lumotida.






