Avvalroq, Samarqanddagi xususiy bog`cha tarbiyachisi uxlamagan bolalarni igna tiqib azoblab kelayotgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`ldi va holat bo`yicha jinoyat ishi ochilgandi.
Bugun Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur hodisaga izoh berildi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri Mohinur Rustamova.
"Biz bunday harakatlarni umuman oqlamaymiz. Ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bor. Xususiy bog`chalar lisenziyani aynan mana shu inspeksiyadan oladi. Lisenziya berayotganda tarbiyachilarni ishga olishga ham e`tibor qaratish kerak. Chunki tarbiyachilar xususiy bog`chalarga ishga olinayotganda hech qanday komissiyalardan o`tishmagan. Shuning uchun bu erda vazirlikka emas, ko`proq e`tibor ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga qaratilishi lozim. Shunda ham vazirlikning Samarqand viloyati MTBsi tomonidan ishchi guruh voqea joyiga etib borgan. Huquqni muhofaza qilish organlari bilan birga o`rganishlar olib borilgan. Hozir barcha, nafaqat xususiy sektor, balki davlat bog`chalarida ham tushuntirishlar olib borilmoqda. Agar bunday holatlar yana aniqlanadigan bo`lsa, tarbiyachilar shavqatsiz darajada vazirlik tomonidan huquqni muofaza qiluvchi organlarga taqdimot kiritiladi. Biz bolalarning huquqlari himoya qilinishi tarafdorimiz", - dedi Vazirlik matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo`jaeva.