O`zbekiston bo`ylab “Onalar yashil makon uchun!” umummilliy aksiyasi farovonlik va obodlik sari xayrli qadam sifatida o`tkazilmoqda. Bu haqda Oila va xotin qizlar davlat qo`mitasining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Aksiya doirasida tabiatni asrash, farzandlarimizga ekomadaniyat tushunchasini singdirish bilan birga xotin-qizlar bandligi ta`minlanishiga erishilishi maqsad qilib olingan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi PF-46-son Farmoni bilan mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko`paytirishga qaratilgan "Yashil makon" umummilliy loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan 1 mart kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln. tup daraxt va buta ko`chatlarini ekish bo`yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan.
“Onalar yashil makon uchun!” aksiyasi mazkur xayrli loyiha doirasida o`tkaziladi.
Aksiyaga ilk bor O`zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida start berildi.
Tumanda yashovchi xotin-qizlar 200 tup tuya archa, 400 dona “Sosna” archa ko`chatlari, 184 dona mevali (olma, bodom, yong`oq, olcha) daraxtlar ekildi. Shuningdek, xonadonlarga 300 dona lavanda ko`chati va 20 kg za`faron dorivor giyoh urug`i tarqatildi.
“Onalar yashil makon uchun!” aksiyasini amalga oshirishdan ko`zlangan maqsad xotin-qizlarni manzarali va mevali daraxt, buta ko`chatlari hamda urug` etishtirish, ekish va parvarish qilish bo`yicha ko`nikmalarini oshirish, ekologiyani asrash tushunchasini singdirishdir.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Respublikamiz tumanlaridagi O`rmonchilik xo`jaligi hududiy boshqarmalari tomonidan mahallalardagi kam ta`minlangan oilalarning xo`jalik erlariga manzarali va mevali daraxt, buta ko`chatlari, qalamchalar ekish va urug` etishtirish, shuningdek, xotin-qizlarni hamda ularning oila a`zolari bandligini ta`minlash ko`zda tutilgan.
Bunda O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan xotin-qizlarga intensiv niholxonalarda ishlash bo`yicha nazariy va amaliy bilimlar beriladi. Intensiv niholxonalar tashkil qilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo`lgan xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar olishida amaliy yordam ko`rsatiladi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi tomonidan urug`chilik va ko`chat etishtirish bilan shug`ullanish niyatida bo`lgan fuqarolarning, shu jumladan, imkoniyati cheklanganlar hamda bandligi ta`minlanmagan xotin-qizlarning ro`yxati shakllantirildi va “Onalar bog`i”ni tashkil qilish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
“Onalar yashil makon uchun!” aksiyasi bundan buyon mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshiriladi va aksiyada ishtirok etuvchi ayollar o`z sa`y-harakatlari bilan yashayotgan hududlarini yashil makonga aylantirishga munosib hissa qo`shadilar. O`z mahallalari va xonadonlariga manzarali va mevali daraxtlar ko`chatlarini ekib, shifobaxsh giyohlar etishtirib, o`zlarini ish bilan band qiladilar.
Yangi orzular obod xonadondan boshlanadi. Ko`cha-hovlilariga rayhonu gullar ekilgan xonadonlar obod va ko`rkam bo`lib, u erda yashovchi xotin–qizlarimiz esa o`z uylarida ish bilan ta`minlanadilar, biz esa ko`zlagan maqsadimizga erishamiz”, – deb qayd etdi Bosh vazir o`rinbosari - Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi raisi Z.Mahkamova.
Aksiyada ishtirok etgan xotin-qizlar bilan suhbat chog`ida Bosh vazir o`rinbosari Z.Mahkamova ularning turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.
Ma`lumot o`rnida, Uzun tumanidagi "Onalar bog`i"ga Bobotog` o`rmon xo`jaligi tomonidan mevali va manzarali daraxtlar: pavloniya, lavanda, shafran ko`chatlari etkazib berildi.






