Joriy yilning 7-8 may kunlari Boysun tumanidagi “Solim Padang” qishlog`ida xalqimizning ko`p asrlik qadryatlari va an`nalarini o`zida tarannum etuvchi “Boysun bahori” ochiq folklor festivali bo`lib o`tadi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7 fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq folklor jamoalari mazkur tadbirda ishtirok etadi.
Bayram doirasida milliy kurash, etnosport, velomarafon, uloq-ko`pkari, barg uloqtirish, arqon tortish, chilak va boshqa xalq o`yinlari bo`yicha musobaqalar o`tkazish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda O`zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan folklor festivalini yuqori saviyada o`tkazishga qizg`in hozirlik ko`rilmoqda.
Festival yakunida eng yaxshi folklor-etnografik va eng yaxshi o`tov-uy o`rnatgan jamoalar, sport va xalq o`yinlari g`oliblari munosib taqdirlanadi.
Ma`lumot uchun: butun dunyo xalqi mehr qo`ygan maftunkor Boysun YuNESKO tomonidan “Insoniyatning og`zaki va nomoddiy madaniy merosi” durdonasi sifatida e`tirof etilgan va 2008 yilda tashkilot tomonidan “Insoniyatining nomoddiy madaniy merosi” Reprezentativ ro`yxatiga kiritilgan.